Maktab oʻquvchisi yaratgan dasturlar taʼlim tizimida qoʻllanilmoqda
Ustozining maslahatiga tayanib yaratgan taʼlimiy dasturi “Eng yaxshi axborot-taʼlim resurslari” tanlovining respublika bosqichida 1-oʻringa loyiq topildi.
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 5-IDUMIning 11-sinf oʻquvchisi Diyorbek Tolibov dasturchilik yoʻnalishidagi ilk yutugʻini 2017-yilda qoʻlga kiritgan. Oʻshanda endigina 8-sinfga oʻtgan edi.
Ustozining maslahatiga tayanib yaratgan taʼlimiy dasturi “Eng yaxshi axborot-taʼlim resurslari” tanlovining respublika bosqichida 1-oʻringa loyiq topildi.
– Ushbu dastur 4-sinf oʻquvchilariga moʻljallangan, – deydi Diyorbek. – Unda asosan matematika darsligidan oʻrin olgan “Tezlik. Vaqt. Masofa” boʻlimlaridagi masalalarni yechishga koʻmaklashuvchi koʻrgazmalar toʻplami jamlangan. Oʻquvchilar bu masalalarni kitobdan oʻqiganda toʻliq tasavvurga ega boʻlolmasliklari mumkin. Men ana shu jihatni eʼtiborga olgan holda boʻlimdagi 36 ta masalaning har biri uchun alohida-alohida ovozli animatsiyalar yaratishga harakat qildim. Bu oʻquvchi ongida berilgan masala yuzasidan aniq tasavvur va tushuncha hosil boʻlishida yordam beradi. Dastur, shuningdek qoʻshimcha imkoniyatlar bilan ham boyitilgan. Masalan, oʻquvchi masalani yechishga qiynalganida, yordam olishi yoki matematik amallarni bajarish tezligini hamda aniqligini tekshirib koʻrishi mumkin. Turli trenajyorlar va qiziqarli intellektual oʻyinlar orqali esa dam olish daqiqalarini maroqli oʻtkazish imkoniyatiga ega.
Ayni shu yutugʻi Diyorbekni bu borada yana-da chuqurroq bilimga ega boʻlishga, izlanishga undadi. 2018-yil oʻzi yaratgan “Dunyo mamlakatlari” nomli dasturi bilan tumanda oʻtkazilgan original koʻrgazmalar tanlovida va viloyat miqyosidagi“Bilimlar festivali”da faxrli 1-oʻrinni egalladi.
Ayni paytda Diyorbekning otasi va ustozi, tumandagi 10-maktabning oʻquv tarbiya ishlari boʻyicha direktori oʻrinbosari Bahodir Sattorov hamkorligida yaratgan ana shunday natijador taʼlimiy dasturlari soni oʻndan oshdi. Eng eʼtiborli jihati, dars jadvali, dars jarayonida oʻquvchilarni va guruhlarni baholash, darslarda interfaol usullardan foydalanishga qaratilgan mazkur dasturlar taʼlim sohasida keng qoʻllanilmoqda.
Qolaversa, “One million uzbek coders” (Bir million oʻzbek dasturchilari) loyihasi doirasida dasturlash yoʻnalishida mahorat saboqlarini oʻtab kelayotgan Diyorbek hamkorlikda fan oʻqituvchilari va tayyorlov kursi oʻqituvchilari uchun zarur boʻlgan bir qancha dasturlar ustida ham ish olib bormoqda.
Iqtidorli oʻquvchi nafaqat, dasturlash, balki matematika fani yoʻnalishida ham koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmatining xabariga koʻra, 2016-yildan buyon matematika fani boʻyicha Bilimlar bellashuvi va fan olimpiadalarining tuman hamda viloyat bosqichlarida yuqori natijalarni qayd etib kelayotir. 2018-yilda innovatsion olimpiadaning respublika bosqichida faxrli 2-oʻrinni egalladi. 2019-yilda Mirzo Ulugʻbek nomidagi respublika olimpiadasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Diyorbek xalqaro olimpiadalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. 2018-yilda Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universiteti Toshkent filialida oʻtkazilgan festivalda 1300 ga yaqin oʻquvchi orasida eng yosh ishtirokchi boʻlishiga qaramay, natijalari bilan 6-oʻrinni qayd etgan. 2019-yilda mazkur anʼanaviy olimpiadada bronza medalini qoʻlga kiritdi. Shu yili Xalq taʼlimi vazirligi hamda Buxoro Davlat Universiteti hamkorligida oʻtkazilgan ochiq olimpiadada 3-oʻrinni egallab, xalqaro matematika olimpiadasi(IMO)ning Respublika saralash bosqichida toʻgʻridan-toʻgʻri qatnashish imkoniyatiga ega boʻldi.
Shuningdek, Rossiya Yadro fizikasi oliygohi tomonidan oʻtkazilgan olimpiadaning birinchi bosqichida ham eng yuqori natijani qoʻlga kiritib, 2-bosqichda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Joriy yilda esa Qozogʻistonda oʻtkazilgan “Jautikov” xalqaro musobaqasida Respublika terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi va bronza medaliga sazovor boʻldi.
– Professional dasturchi boʻlish uchun, albatta, matematikaning oʻrni beqiyos, – deydi u. – Ayni paytda oʻzlashtirayotgan matematik bilimlarimni dasturlash sohasiga qoʻllash orqali katta loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganman.
Yosh dasturchi izlanishda dadil davom etmoqda. U kelajakda Oʻzbekistonda informatsion texnologiyalar sohasini rivojlantirishni maqsad qilgan.