Andijon viloyati pedagogik mahorat markazida maktab maslahatchisi lavozimiga talabgorlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori bilan mamlakatimizdagi davlat maktablarida Maktab maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Ushbu qaror asosida tashkil etilgan Andijon viloyati “Kelajak” markazi tomonidan Maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlar belgilangan tartiblar asosida test sinovlaridan o‘tkazilmoqda.

– Viloyatimizdagi 469 ta maktabga Maslahatchi lavozimi uchun 979 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgan, – deydi Andijon viloyati “Kelajak” markazi direktori Fayzullo Dadajonov. – Ular test sinovi orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda. Test sinovlarida nomzodlarning kasbiy bilimlari, normativ-huquqiy hujjatlardan xabardorligi, shuningdek, yoshlar bilan ishlash ko‘nikmalari baholanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, saralashning ikkinchi bosqichida, ya’ni test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar bilan suhbat o‘tkazildi. Suhbatdan o‘tgan nomzodlar maktab maslahatchisi lavozimiga tayinlanadi.
Sinov jarayonlari belgilangan tartib va talablar asosida, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarida o‘tkazilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA