FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida umumta’lim maktablarida joriy etilayotgan maktab maslahatchisi lavozimi uchun nomzodlarni saralash bo‘yicha suhbat jarayonlari yakunlandi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazkur lavozim joriy etilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 3400 ta o‘rin uchun 10 ming nafardan ortiq talabgor hujjat topshirgan.
Surxondaryo viloyati bo‘yicha 685 ta ariza kelib tushgan. 485 nafar nomzod test sinovlarida ishtirok etdi, 392 nafari suhbat bosqichiga yo‘llanma oldi. Test sinovlari 30 ta savoldan iborat bo‘lib, 80 daqiqa davom etdi. Savollar mantiqiy fikrlash, chet tili va axborot texnologiyalariga oid yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Suhbat jarayonlari Termiz shahridagi Prezident maktabida viloyat “Kelajak” markazi mas’ullari ishtirokida shaffof tarzda o‘tkazildi. Nomzodlar kasbiy faoliyatga doir savollarga javob berdi.
Ma’lum qilinishicha, maktab maslahatchilari o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kommunikativ va tashkilotchilik qobiliyatlarini rivojlantirish, media va raqamli savodxonligini shakllantirishga ko‘maklashadi. Shuningdek, umumta’lim muassasalarida “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
[gallery-27851]
Maktab maslahatchisining oylik maoshi direktor o‘rinbosari lavozimi maoshiga tenglashtiriladi. Menejerlik sertifikatiga ega mutaxassislarga har oylik maoshining 30 foizi miqdorida ustama belgilangan.
Shuningdek, o‘quvchilar portfoliosini shakllantirishga mo‘ljallangan erp.portfolio platformasi joriy etiladi. U maktab maslahatchilari tomonidan yuritilib, 2028–2029 o‘quv yilidan maktab shahodatnomalarida aks ettiriladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA