Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazida “Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovlari o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari negizida “Kelajak” markazlari tashkil etildi. Ushbu umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida vertikal tizimni joriy etish maqsadida o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilindi.
– Maktab maslahatchisi zimmasiga maktabda “Kelajak” markazlarining tarmoq to‘garaklari faoliyatini tizimli tashkil etish, o‘quvchilarni tarixiy obidalar, madaniy yodgorliklar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirish, ularning yetakchilik qobiliyati, tashabbuskorlik va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida turli loyihalar, klublar, debatlar hamda o‘quvchilar o‘zini o‘zi boshqarish tuzilmalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar mavjud, – deydi Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xurshid G‘oziyev. – Shuningdek, ular madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologik yo‘nalishlardagi loyihalarni tashkil etish, ular orqali o‘quvchilarda estetik didni shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish hamda tabiatni muhofaza qilishga oid bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish borasida tizimli ishlarni olib boradi. Ko‘rinib turibdiki, maktab direktori o‘rinbosariga tenglashtirilgan maktab maslahatchisi lavozimi mas’uliyatli vazifa hisoblanadi. Shuning uchun ularni belgilangan tartibda test sinovlari va suhbat asosida tanlash ko‘zda tutilgan. Dastlabki bosqichda viloyatimizdagi 1276 maktabning 287 tasida maslahatchi lavozimi joriy etilgan bo‘lib, bu vazifada ishlash uchun tegishli platforma orqali 831 nafar pedagog hujjat topshirgan. Talabgorlarning hujjatlari o‘rganilib, belgilangan talablarga munosib deb topilgan nomzodlar test sinovlarida ishtirok etmoqda. 30 ta test savollari bo‘yicha yuqori natijaga erishgan nomzodlar saralashning keyingi bosqichi — suhbat jarayoniga yo‘llanma oladi.
[gallery-27156]
Maktab maslahatchisi lavozimining yakuniy suhbat bosqichi fevral oyining birinchi haftasida o‘tkazilishi belgilangan.
Keyingi bosqichda viloyatdagi qolgan maktablarda ham maslahatchi lavozimi joriy etilib, eng munosib nomzodlar tanlab olinadi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari