“Maktab maslahatchisining zamonaviy roli va funksiyalarini amalga oshirishning samarali uslublari” mavzusida o‘quv seminari boshlandi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad maktab maslahatchilarining kasbiy mahoratini rivojlantirish va o‘quvchilarni nufuzli xorijiy universitetlarga yuborishning samarali tizimini joriy etishdan iborat.
O‘quv mashg‘ulotlarida 200 dan ziyod maktab maslahatchilari qatnashmoqda. Tajribali mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan mahorat darslarida global ta’lim sohasidagi ilg‘or tajriba va innovatsiyalar, yoshlarimizning xalqaro ta’lim maydonida muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlashga qaratilgan yangi taklif va tashabbuslar haqida so‘z yuritilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Bo‘stonliq tumanidagi mazkur so‘lim oromgohda bo‘lib, maktab maslahatchilari bilan uchrashdi. Samimiy va dildan kechgan muloqot davomida galdagi vazifalar belgilandi.
Ta’kidlash joizki, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur asosida Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktirilib, ular har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini tanlab oladi.
Bu o‘quvchilar AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarga tayyorlanishi ko‘zda tutilgan, deb xabar beradi O‘zbektiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
N.Usmonova, O‘zA