Sirdaryo viloyatining Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev o‘zi ilk ta’lim olgan Alisher Navoiy mahallasidagi 16-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi. Bu tashrif maktab jamoasi va o‘quvchilar uchun kutilmagan va quvonchli voqeaga aylandi.
Tuman rahbari maktab kutubxonasini turli janrdagi 500 ta badiiy kitob bilan boyitdi.
– Kitob insonning eng ishonchli do‘sti va maslahatgo‘yidir.

U teran fikrlashga, izlanishga undaydi. Har bir o‘quvchi kitobga oshna bo‘lsa, uning kelajagi yorug‘ va yurtimiz istiqboli yanada ravshan bo‘ladi, – dedi Olimjon Jo‘rayev.


Tashrif davomida hokim bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan ham muloqot qildi. Yoshlarga davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, yangi ta’lim loyihalari haqida ma’lumot berib, bilim olishda faol va hayotda qat’iyatli bo‘lishga chorladi. – Kelajagingiz o‘z qo‘lingizda. Bugungi bilimingiz ertangi marralaringizni belgilaydi, – deya ta’kidladi u.

Uchrashuv so‘nggida maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ham o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun mas’ullarga topshiriqlar berildi va ijro muddati belgilandi.