Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab kutubxonasi yangi kitoblar bilan boyidi
18:18 / 2025-12-18

Sayxunobod tumanidagi chekka qishloqda joylashgan 28-umumta’lim maktabida ma’naviyat va ma’rifat bayrami bo‘lib o‘tdi.

Kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yosh avlodning ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan mazkur tadbir maktab hayotida o‘ziga xos quvonchli voqeaga aylandi.

Tadbir doirasida maktab kutubxonasi yangi badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ta’lim dargohiga 300 nusxadan ortiq turli mavzudagi kitoblar hadya etildi. O‘zbek va jahon adabiyotining mumtoz hamda zamonaviy namunalarini qamrab olgan ushbu asarlar o‘quvchilarning badiiy tafakkurini rivojlantirish, kitobga muhabbatini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan maktab direktori Nodira Boymurodova kutubxona fondining boyitilishi o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirishini ta’kidladi. Uning aytishicha, maktabda yaratilgan ijodiy muhit o‘z samarasini bermoqda.  

Jumladan, shu ta’lim dargohida tahsil olgan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari E’zoza Alimova va Gulchiroy Isoqova, shuningdek, “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida ilk to‘plami nashr etilgan yosh shoira Shohinur Usmonova bunga yaqqol misoldir.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova, “Yangi Sirdaryo” viloyat gazetasi bo‘lim muharriri Muhammadali Ahmad, uyushmaning yetakchi mutaxassisi Xayrulla Solijonov mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlarni ma’naviy yetuk, keng dunyoqarashli etib tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida fikr yuritishdi.

Oliy toifali muallima Hulkar Imomova esa kitoblar hadya etilgani uchun minnatdorlik bildirib, bunday ezgu tashabbuslar o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularni ma’naviy barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Tadbir bayramona, samimiy ruhda o‘tdi. Maktabning badiiy havaskorlari tomonidan qo‘shiq va raqslar ijro etildi, yosh ijodkor o‘quvchilar esa o‘z she’r va hikoyalaridan namunalar o‘qib berishdi. Mazkur chiqishlar nafaqat maktab o‘quvchilari, balki tadbirda ishtirok etgan mehmonlar qalbida ham unutilmas taassurot qoldirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri