Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Madaniyat markazida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 25-sonli maktab-internati o‘quvchilari qo‘l mehnati asosida yaratilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi va inklyuziv auksion savdosi tashkil etildi.
Ushbu auksion savdosini tashkil etishdan maqsad faqat mablag‘ yig‘ish bilan cheklanmay, jamiyatda inklyuziv muhitni mustahkamlash, ijodkor yoshlarning qobiliyatini keng jamoatchilikka tanitish hamda ularning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini oshirishdan iborat. E’tiborlisi shundaki, ushbu kimoshdi savdosida mahsulotlar yuqori narxlarda baholanib, bu yoshlar mehnatiga bo‘lgan hurmat va e’tirofning yaqqol ifodasiga aylandi.
Ko‘rgazma doirasida nogironligi bo‘lgan yoshlar tomonidan yaratilgan 100 ga yaqin qo‘l mehnati mahsulotlari – kartinalar, dekorativ buyumlar va turli san’at asarlari namoyish etildi. Shuningdek, maktab internati o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari va chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
– Bugungi kimoshdi savdosi 9 ta lot asosida tashkil etilib, har bir lotdagi mahsulotlar o‘z egalarini topdi, – deydi maktab-internat direktori Jonibek Shodmonov. – Tadbir doirasida 148 nafar o‘quvchi ishtirokida Karmana tuman hokimi hamda sektor rahbarlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. – Макtaб-internatda tahsil olayotgan 21 nafar ehtiyojmand oila farzandlari o‘z qiziqishlari – kasb, fan va sport yo‘nalishlari asosida tuman hokimi va sektor rahbarlariga murojaat xatlari yo‘llagan edi. Ushbu murojaatlar tadbir davomida o‘qib eshittirilib, mualliflarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, tuman hokimligi tashabbusi bilan maktab-internatimizning barcha o‘quvchilari o‘quv qurollari bilan ta’minlandi. Tadbir davomida Madaniyat markazi faollar zalida o‘quvchilarimiz ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
[gallery-27503]
Albatta, jamiyatimizda kechayotgan tub islohotlar jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
– Ko‘hna qo‘rg‘on mahallasida 258 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lib, ularning holidan doimiy xabar olib turiladi. Ularning kasbiy qiziqishlari inobatga olinib, kasblarga yo‘naltiramiz, – deydi mahalladagi ijtimoiy xodim Roksana Ochilova. – Men faoliyat olib borayotgan mazkur mahallada zargarlik, rassomchilik, har xil taqinchoqlar yasash, shaxmat, shashka to‘garaklari tashkil etilgan. 30 nafar yoshlarimiz bu to‘garaklarga borib, qiziqishiga qarab turli narsalar yasamoqda. Bugungi auksionda ham mahallamiz yoshlari qo‘lda yasalgan ishlarini olib kelib ishtirok etdi. Bundan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslar iste’dodi qay darajada yuqori ekanligini ko‘rsatish, ularning ijtimoiylashuvini ta’minlash, jamiyatga qo‘shishdir.
Tadbir davomida Karmana tuman hokimi va sektor rahbarlari maktab-internatida bo‘lib, o‘quvchilar bilan bevosita muloqot qildi. Ularning qiziqishlari va kelajakdagi orzulari to‘g‘risida suhbatlashdi. Bolalarga qiziqishlariga mos sovg‘alar hamda zarur jihozlar, kutubxonaga esa 200 dan ziyod turli kitoblar jamlanmasi topshirildi. Uchrashuv norasmiy va samimiy ruhda davom etib, o‘quvchilar bilan birgalikda tushlik tashkil etildi.
Bu kabi tashabbuslar nogiron bolalar va ularning oilalarini ruhiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish, ularga mehr ulashish maqsadiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/I2Py9nrJxJY?si=MoGg6uHylEji_vZQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari