Maktab-internat o‘quvchilariga maxsus jihozlar taqdim etildi
O‘zbekiston Respublikasining Nyu Yorkdagi bosh konsulligi hamda "Marg‘ilon" xalqaro xayriya jamg‘armasi homiyligida respublikamizdagi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar maktab-internatlari o‘quvchilariga maxsus jihozlar taqdim etildi.
Mazkur anjomlar 10 turdagi maxsus jihozlar, noutbuklar, kattalashtirib ko‘rsatuvchi lupa va maxsus hassalar hamda 6 turdagi sport inventarlaridan iborat.
Xalq ta’limi vazirligi va Respublika Ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari hamda "Marg‘ilon" xalqaro xayriya jamg‘armasi rahbari Vladimir Katanov ishtirokida ushbu jihozlar 2022/2023 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlashi kutilayotgan Guliston shahridagi hamda aprel oyida ish boshlagan Angor tumanidagi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatlariga tantanali tarzda topshirildi.
M.Toshqorayeva, O‘zA