Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab hududida spirtli ichimlik iste’mol qilganlarga qanday chora ko‘riladi?
09:45 / 2022-10-09

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab qorovulxonasida o‘qituvchilarning spirtli ichimlik ichib turganligi haqidagi xabarlar keng jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Mazkur ish ta’lim maskanida yuz bergani, boz ustiga ular orasida maktab direktorining borligi bois ko‘pchilik tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kechirib bo‘lmaydigan holat deya izohlandi. Ushbu holat Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 67- umumta’lim maktabda yuz bergani aytilgan lavhada.

Ushbu masala yuzasidan asl holatni o‘rganish maqsadida Chiroqchi tumanidagi Beshchashma mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 67- umumta’lim maktabida bo‘ldik va voqea ishtirokchilari bilan suhbatlashdik.

Aniqlanishicha, maktab qoravulxonasidagi tasvir maktab jamoasi va voqea ishtirokchilarining aytishiga qaraganda joriy yilning yoz oylarida ya’ni maktabni o‘quv yiliga tayyorlash maqsadida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan paytda taxminan iyul va avgust oylarida olingan. Xo‘sh, ushbu video tasvirni olgan maktabning ma’naviy mar’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Azizbek Norimov nega shu kungacha hech qayerga e’lon qilmagan?

– Direktor maktab jamoasining telegram gruppasida shaxsiyatimga tegadigan gaplarni yozdi. O‘zaro tortishib qoldik. Shundan jahlim chiqib, 5 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqqa joyladim, – deydi  A.Norimov. – O‘sha kuni maktabimizning zovuchi Akmal Aliyev bilan ish yuzasidan bir joyga borib kelishimiz kerak edi. Shu bois maktabga kelgandim va maktab qorovulxonasida maishat qilib turishganini ko‘rdim. Tasvirga oldim. Direktorga shaxsiy adovatim yo‘q, lekin ish yuzasidan ko‘p kelishmovchiliklar chiqadi.  

Guvohlarning va maktab jamoasi boshqa a’zolarining gap so‘zlaridan anglashildiki, maktab direktori va ma’naviy mar’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar ish yuzasidan o‘zaro kelishmay qolgan va bu ancha paytdan buyon davom etib keladi. Bu kelishmovchilik keyinchalik adovatga ham aylangan.

Holatni tasvirga olgan yigit direktor shaxsiyatimga tekkani uchun videoni tarqatgandim, deya izoh berarkan, biz o‘sha kuni dasturxon atrofida bo‘lganlar va guvohlarning ham fikrlari bilan qiziqdik.

Tasvirlarda kotib ekanligi aytilgan Alisher Qurbonov maktabda kadrlar menedjeri bo‘lib ishlab kelgan, hozirda o‘z arizasi bilan ishdan bo‘shagan. A.Qurbonov o‘sha kuni haqiqatda davrada bo‘lganligini, shaxsan o‘zi oz miqdorda spirtli ichimlik ichganini, boshqalarni bilmasligini ta’kidladi.

Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Akmal Aliyev ham o‘sha kuni maktabga kelganida qorovulxonada direktor boshchiligida 4 kishi spirtli ichimlik ichib turganini guvohi bo‘lganini, direktorga og‘zaki tanbeh berganini aytib o‘tdi.

Biz maktabga borgan kuni holat yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotgan ekan.

– Albatta, ushbu holat ta’lim muassasasi hududida yuz berganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi, – deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Farhod Jumanov. – Hozirda tuzilgan ishchi guruh maktabda taftish ishlarini olib bormoqda. Ularning o‘rganish natijalariga qarab, tegishli tartibda ta’sir choralari ko‘riladi.

Maktab rahbari malaka o‘quvi yuzasidan poytaxtda ekanligi va ortga qaytayotgani xabaridan so‘ng direktorni kutib turishimizga to‘g‘ri keldi. Kelgach, vaziyat haqidagi munosabatini oldik.

– Bu holat taxminan avgust oylarida bo‘lgan edi adashmasam, – deydi maktab direktori Lochin Turdimurodov. – Maktabda ta’mirlash ishlari ketayotgan edi.  U yigit shaxsiy adovat tufayli qo‘ygan bu videoni. Aslida u yerda spirtli ichimlik ichilgani yo‘q. Tushlik vaqti edi. Atrofda oshxona yo‘q. Sheriklar bilan somsa olib kelib yeyayotgan edik. Shishadagi esa “uksus”. Tuhmatdan boshqa narsa emas.

Voqea ishtirokchilarining javoblari bir-biriga teskari bo‘ldi. Kimdir ozroq spirtli ichimlik ichgandim desa, maktab rahbari shishadagi “uksus” edi deya o‘zini oqladi. Lekin bir narsa aniqki, xalqning farzandlariga ta’lim tarbiya beriladigan maskanda spirtli ichimliklar iste’mol qilish holatini haqiqatda kechirib bo‘lmaydi. Xulosa o‘zingizdan.

<iframe width="1519" height="585" src="https://www.youtube.com/embed/NYpxBlzZEAw" title="Maktab hududida spirtli ichimlik iste’mol qilganlarga qanday chora ko‘riladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, O‘zA.