Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Osiyo xalqaro universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida viloyatdagi umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida “Zamonaviy maktab rahbarining integrativ modeli: strategik boshqaruv, nutq va imij salohiyati” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Seminarda Osiyo xalqaro universitetining tajribali professor-o‘qituvchilari hamda boshqarmaning mas’ul mutasaddilari tomonidan mavzu doirasida amaliy treninglar tashkil etildi. Unda zamonaviy rahbarlik kompetensiyalari, strategik fikrlash, samarali muloqot va rahbar imijini shakllantirishga oid muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 19 martdagi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i ijrosi doirasida 2026 yil 1 yanvardan joriy etiladigan KPI tizimi asosida maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari uchun oylik ustamalar belgilanish tartibi, faoliyat samaradorligini baholashda shaffoflik, xolislik va natijadorlikni ta’minlash mezonlari, rahbar kadrlarning mas’uliyatini oshirish orqali ta’lim sifati va boshqaruv samaradorligini yuksaltirish masalalari batafsil tushuntirib borildi.

Seminar davomida KPI tizimi rahbarlar faoliyatini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash, maktab boshqaruvida natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni shakllantirish hamda samarali ishlayotgan rahbarlarni moddiy rag‘batlantirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.