Andijon shahridagi Prezident maktabida “Zamonaviy maktab liderlar nigohida” loyihasi doirasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’lim muassasalari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur seminarda agentlik tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan, shuningdek, umumta’lim maktablari direktorlari ishtirok etib, zamonaviy maktabni shakllantirish, ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi ustuvor maqsad, yo‘nalish va yangicha yondashuvlar xususida atroflicha so‘z yuritdi.
– Seminar-treningni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, Agentlik tizimidagi maktablar direktorlarining ta’limni rivojlantirish borasidagi tajriba hamda ilg‘or ish uslublari bilan umumta’lim maktablari rahbarlarini tanishtirish, bu boradagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashishga ko‘maklashishdan iborat, – deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Karimov.– Qolaversa, butun maktab jamoasini bir maqsad atrofida birlashtira oladigan, zamon bilan hamnafas haqiqiy lider rahbarlarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.
[gallery-10501]
Seminarda mavzu doirasida qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Mutaxassislar tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’limni rivojlantirish yo‘lidagi ustuvor maqsad va vazifalari, yangicha yondashuvlar, maktabni rivojlantirish strategiyasini shakllantirishda ta’lim tizimining eng muhim maqsad va qadriyatlarini asos qilib olish, maktab jamoasini jalb etish bo‘yicha ishtirokchilarga keng tushunchalar, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilarning faolligi va liderlik ko‘nikmalarini boyitishga qaratilgan qiziqarli mashg‘ulotlar, interfaol o‘yinlar o‘tkazildi.
– Seminarda ishtirok etib jamoada sog‘lom muhit yaratish, shuningdek, samarali ta’lim tamoyillari hamda liderlik ko‘nikmalarimizni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi Andijon shahridagi 45- umumta’lim maktabi direktori Nazira Abdullayeva. – Bu albatta, kelgusi faoliyatimizni yanada samarali yuritishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir ishtirokchilari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA