Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali tomonidan maktab direktorlarining boshqaruv salohiyatini oshirishga qaratilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Hamkorlikda “Jamoa boshqaruvining zamonaviy trendlari: nazariya va amaliyot” yo‘nalishida maxsus o‘quv rejasi ishlab chiqilib, rahbarlarning zamonaviy boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi puxta metodik asos yaratildi.

– Endilikda maktab direktorlari Samarqand hududiy filialining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan zamonaviy jamoa boshqaruvi, samarali kommunikatsiya, natijadorlikni ta’minlash, liderlik kompetensiyalarini shakllantirish kabi yo‘nalishlarda amaliy bilim va tavsiyalarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev.

Kursning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar, ta’lim tizimi rivojida strategik boshqaruv yondashuvlarining ahamiyati haqida fikr bildirdi. Bir hafta davom etadigan mazkur o‘quv kursiga 40 nafar maktab direktori jalb qilindi.

Ta’lim muassasalari rahbarlarining malakasini muntazam oshirib borish ta’lim sifatini yuksaltirishning eng muhim omillaridan biridir. Ushbu yangi loyiha esa Buxoro maktablarida innovatsion boshqaruv madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.