Buxoro shahridagi Prezident maktabida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan navbatdagi 40 nafar maktab direktoriga sertifikatlar topshirildi.
Ushbu kurslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali bilan hamkorlikda o‘tkazildi. “Jamoa boshqaruvining zamonaviy trendlari: nazariya va amaliyot” yo‘nalishida ishlab chiqilgan maxsus o‘quv reja doirasida rahbarlar samarali boshqaruv, jamoa bilan ishlash, kommunikatsiya, liderlik va natijadorlikni ta’minlashga oid zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni egalladi.

Bir hafta davom etgan o‘quv jarayonlarini Samarqand hududiy filialining tajribali professor-o‘qituvchilari olib bordi. Kurslar davomida maktab direktorlarining boshqaruv salohiyatini oshirish, strategik yondashuvlarni joriy etish va innovatsion boshqaruv madaniyatini shakllantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Tadbirda viloyat maktabgacha va boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor To‘yev hamda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali mas’ul vakili ishtirok etib, loyiha maktab direktorlarining professional salohiyatini oshirish va ta’lim sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim qadam ekanligini ta’kidladi.

Ta’lim muassasalari rahbarlarining malakasini muntazam oshirib borish ta’lim sifatini yaxshilashning eng muhim omillaridan biridir. Mazkur loyiha esa Buxoro maktablarida zamonaviy boshqaruv tamoyillarini chuqur tatbiq etish va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA