Surxondaryo viloyatida bloger maktab direktoridan 500 AQSH dollar talab qilib, olgani haqida turli gap-so‘zlar tarqaldi. Mazkur holat qanday yuz bergani xususida Surxondaryo viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
– Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Denov tuman bo‘limi, DXX Denov shahar bo‘limi va tuman prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda fuqaro A.X.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oltinsoy tumani “Obshir” mahallasida yashovchi S.Sh. Denov tumanidagi 79-sonli o‘rta ta’lim maktabi faoliyati yuzasidan tayyorlangan asossiz tanqidiy materiallarni “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Surxondaryo va Surxondaryoliklar” kanaliga joylashtirib, ariza muallifi A.X.dan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqdan olib tashlash evaziga 500 AQSH dollari berishini talab qilib, undan tovlamachilik yo‘li bilan 500 AQSH dollarini jiyani E.Sh. orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan 01.11.2022 yilda Departamentning Denov tuman bo‘limi tomonidan S.Sh. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozir jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari Denov tumani prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda, deyilgan bayonotda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri