Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maktab direktori: “Ta’limdagi kamchiliklarni o‘rganishda aybdorni izlash bilan ovora bo‘lib qolyapmiz”
12:16 / 2022-01-31

Munosabat

Davlatimiz rahbari raisligida 28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda ta’lim tizimida uchrayotgan muammolar, kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar bo‘yicha takliflar berildi.

Xo‘sh, prezidentimizning ta’limni isloh qilish bo‘yicha bergan takliflari ushbu soha vakillarida qanday qiziqish uyg‘otdi? Soha vakillarida bu borada qanday fikrlar bor?

Тошкент viloyati, Yuqori Chirchiq tumanidagi 18-umumta’lim maktabi direktori, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Gulzira Elibayevaning fikrlari bilan qiziqdik.

 Gulziraxon, videoselektorda ko‘tarilgan muammolar va takliflar bo‘yicha qanday fikrdasiz?

– Davlatimiz rahbarining har bir chiqishlarini kuzatib boraman. Ammo bu galgisi aynan mening faoliyatimga taalluqli bo‘lgani uchun qo‘limga bloknot olib, har bir so‘zlarini yozib oldim. Bloknotimda 22 varag‘ prezidentimizni so‘zlaridan olingan ixtiboslarga to‘lgan. Eshitgan har bir yangiligimni tez-tez telefonda yozib, 70 nafar xodimdan iborat bo‘lgan jamoamdagi telegram kanaliga yuborib turdim. Videoselektorni kuzata olmayotgan o‘qituvchilar davlatimiz rahbarining bu chiqishlaridan albatta xabardor bo‘lishlari kerak edida.

— Bloknotingizga eng birinchi qaysi rejalarni yozdingiz?

— Davlatimiz rahbari sharoitlardan keyingi muhim masala maktablardagi muhit ekanligi haqida gapirib, boshqaruvni isloh qilish zarurligini ta’kidlab, xalq ta’limi bo‘limi mudirligi va maktab direktorligiga malakali kadrlarni tayinlash, xorijdan mutaxassislar jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Aynan shu tavsiyalari bo‘yicha hozir o‘z rejalarimni tuzyapman.

– Xuddi shu masala yuzasidan sizda birorta taklif bormi?

– Albatta, takliflarim juda ko‘p. Ulardan birinchisi eng chekka qishloqlardagi maktab direktorlaridan besh nafardan tanlab olinib, ta’lim sifati zo‘r xorij mamlakatiga borib malaka oshirib kelishsa. Xorijga borgan direktor yoki o‘qituvchi ehtimol Amerika ocholmas, ammo hech bo‘lmaganda o‘z maktabidagi eskicha tizimni yo‘qota oladigan darajadagi tajribani olib kiradi. Ularning metodikasini o‘rganadi. Hujjatlar bilan ishlashini kuzatadi.

Misol uchun Finlyandiyada maktab direktori kun davomida maktabda nima ish qiladi? O‘quvchilarni ta’limga jalb qilish, o‘qituvchilarni vijdonan dars o‘tishini ta’minlash uchun qanday yo‘l tutishadi? Ma’naviyatchi, psixolog, targ‘ibotchi, yoshlar yetakchisi degan lavozimlar bormikan? Bor bo‘lsa ular qanday ishlayapdi?

Xorij maktablarida ta’lim jarayonlari qanday olib boriladi, degan savolga javob topishga qiziqaman. Bizlarda o‘quvchilarimizga bepul kitob olib kelib qo‘ysangiz ham o‘qimaydi. Sabab nimada? Mana shu muammolarni yechimini o‘rgangim, bartaraf etgim keladi.

Hozir o‘qituvchilar aybni ota-onalarga, ota-onalar esa o‘qituvchilarga ag‘darib, hamma aybdorni izlash bilan ovora. Nega biz bunday ahvolga tushib qoldik? Axir dunyoda o‘limdan boshqa hamma muammoni yechish uchun imkoniyat borku? Buni ham yechimi bor, deb o‘ylayman.

– Prezidentimiz ko‘p pedagoglarning bilimi va mahorati yetarli emasligi, o‘qituvchi sifatli dars o‘tishga emas, «ko‘proq soat olish»ga intilishi haqida ham gapirib o‘tdilar...

–  Bizda hali ham ko‘zbo‘yamachiliklar bor. Misol uchun, men birorta sinfga kirib, o‘qituvchining dars o‘tishini kuzatadigan bo‘lsam, o‘sha kuni o‘qituvchi darsni boshqacha o‘tadi. Ya’ni, o‘quvchi uchun emas, direktor uchun o‘tadi. Biz shunday yo‘l tutishimiz kerakki o‘qituvchi darsni direktorga yoki boshqalarga yoqish uchun o‘tmasin.

Bilasizmi, ayrim o‘qituvchilarda nima yetishmaydi? Izlanish. O‘z ustida ishlab, har kuni yo‘q deganda o‘quvchilariga bir dona bo‘lsa ham yangilik va yangi fikr ayta olgan o‘qituvchini ortidan hamma ergashadi.

– Ayni paytda mamlakatimizda barcha o‘quvchilar onlayn tizimda ta’lim olishyapdi. Bu jarayon sizning maktabingizda qanday kechmoqda?

– Aslida onlayn maktab bizga o‘zining salbiy asoratlarini ko‘rsatmoqda. Nachora, sharoit shuni taqozo qilgan ekan, bunga ham tez fursatlarda yechim topiladi, deb o‘ylayman. Kecha o‘zim 12 ta xonadonga kirdim. Ataylab uyida interneti va televizori bor, ya’ni «o‘ziga to‘q» oilalarga bordim. Yolg‘on bo‘lmasin, bitta oiladagi o‘quvchining onasi farzandiga onlayn dars qildiryapdi. Qolgan 11 nafar o‘quvchining bittasini onasi to‘yda, boshqasiniki fotihaga yana qayerlargadir ketgan. Bolalar o‘z xolicha, darsni umuman kuzatgani yo‘q. Hammasining uyida texnik imkoniyatlar yetarli, ota-ona onlayn darsga kirishi uchun sharoit yaratib bergan. Lekin o‘quvchi onlayn o‘qishniyam, oflayn o‘qishniyam istamaydi. Nega? Nima uchun? degan savollar menga tinchlik bermaydi.

– Prezidentimiz «Maktablarning dars tugashi bilan yopilishi mutlaqo noto‘g‘ri. Kutubxona, sport zal, kompyuter xonalari, tadbirlar zali doimiy ishlashi, ularda har kuni musobaqa, konsert, kitobxonlik, mushoira, «Zakovat» va boshqa intellektual o‘yinlar o‘tkazilishi kerak», – dedi. Shu fikrlar bo‘yicha qanday rejalaringiz bor?

– Shaxsan bizni maktabimiz darvozasi  soat 22:00 gacha ochiq turadi. Sport zalimiz doimiy ishlaydi. Uyim yaqin bo‘lgani uchun tunda ham bir maktabga kelib, xabar olib ketaman. Kutubxonalar ham ochiq tursin, demoqdalar prezidentimiz. Biz bolalarni shu narsalarga jalb qilishimiz kerak. O‘quvchilar bepul to‘garaklarga ham kelmaydi. Ming marta gapirgandan, bir marta ko‘rgan afzal, deganlaridek, o‘zgarishni, yangilikni kiritishimiz uchun boshqa davlatlar ta’limini televizor yoki ijtimoiy tarmoq orqali emas, o‘zimiz borib ko‘rishimiz, o‘rganishimiz zarur. 

 

O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.