Joriy yilning 25-30 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi tashabbusi bilan “XXI asr maktab direktori: strategik yetakchilik va innovatsion yondashuv” mavzusida seminar-trening tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri G.Ko‘jaboyeva, Pedagogik mahorat markazi direktori V.Bekmuratova so‘zga chiqib, direktorlarning kasbiy rivojlanish jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish, monitoring qilish, xalqaro sertifikatlarga tayyorlanish imkoniyatlarini yaratish va o‘qituvchilarda XXI asr kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha salohiyatini oshirish bugungi kunning talabi ekanligini qayd etdi.
[gallery-23041]
Treninglar 4 ta modul bo‘yicha olib boriladi. Jumladan, ishtirokchilar “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ning huquqiy asoslari, kasbiy rivojlanish koordinatorining vazifalari va monitoring shakllari bilan tanishib, zamonaviy liderlik kompetensiyalari, o‘zgarishlarga moslashish, guruhning ichki motivatsiyasini oshirish bo‘yicha strategiyalarni tahlil qiladi. Shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanish yo‘llari, monitoring qilish usullari va amaliyotini maktabda qo‘llashga oid jarayonlar ko‘rib chiqadi. Bundan tashqari, xalqaro sertifikatlar (Google Educator, Microsoft Certified Educator, Cambridge TKT va boshqa.) haqida ma’lumot berilib, ularni maktab amaliyotiga joriy etish yo‘llari ko‘rsatiladi.
Ushbu seminar-treningga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 727 maktab direktori qamrab olinadi va ularning kasbiy rivojlanishiga, shuningdek, maktablarda innovatsion muhitning yaratilishiga hissa qo‘shadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA