Prezidentimiz tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilarini "Hayot maktabi"ga tayyorlash, maktab bitiruvchilarining kamida 2 ta xorijiy tilni va bitta hunarni puxta o‘rgangan holda maktabni tamomlashiga erishish yuzasidan qator tashabbuslar ilgari surilgan.
Ayni kunda ana shu tashabbuslar doirasida Andijon viloyatida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, bitiruvchi yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish borasida samarali natijalarga erishilmoqda. Xususan, egallagan hunarlari ortidan yaxshigina daromad topayotgan o‘quvchilar safi tobora ortib bormoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni sarhisob qilish, erishilgan natijalarni ko‘rsatish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida viloyatdagi qator umumta’lim maktablarida "Orzularni maqsadlarga aylantiramiz!" shiori ostida "Yetuk hunarmand" forumlari o‘tkazilmoqda.
Andijon shahridagi 18-umumta’lim maktabida tashkil etilgan forumda kasb-hunar o‘rganib, muayyan yutuqlarga erishgan Andijon shahridagi umumta’lim maktablarining bitiruvchilari ishtirok etdi.
Forumda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qatnashib, mazkur yo‘nalishda maktablarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi, o‘quvchilar, pedagoglar bilan muloqotda bo‘ldi, ularning taklif va tashabbuslarini eshitdi.
– Ishonamanki, o‘rgangan hunaringiz kelajakda albatta, o‘zingizga asqatadi, hayotda, jamiyatda o‘z o‘rningizni topishingizga yordam beradi, – deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Endi ana shu hunaringizni tadbirkorlik bilan uyg‘unlashtirishga, daromad topishga harakat qiling. Bu boradagi barcha tashabbusingiz, sa’y-harakatingizni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Andijon shahridagi 18-umumta’lim maktabi hunarmandlar maktabi deya e’tirof etiladi. Chunki maktabda o‘quvchi yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha ibratli ishlar olib borilmoqda, samarali natijalarga erishilmoqda.
– Maktabimizda 2 ming 100 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – deydi maktab direktori Naziraxon Muxtorova. – Shundan 123 nafar o‘quvchi bu yil 11 - sinfni tamomlaydi. Bitiruvchilarimizning barchasi darsdan bo‘sh vaqtlarida maktabda tashkil etilgan tikuvchilik, kosiblik o‘quv kurslarida, shuningdek, maktab atrofidagi ustaxonalarda kosib, sartarosh, tikuvchi, dizayner, oshpaz, avtomobil tuzatish ustasi singari qator kasb va hunarlarni egallagan. Ko‘pchiligi esa o‘rgangan hunarlari ortidan daromad ham topmoqda.
Kosiblik va tikuvchilik bo‘yicha maktab qoshida tashkil etilgan o‘quv kurslariga yuqori sinf o‘quvchilari jalb etilgan. Bundan tashqari, shahardagi qator sartaroshxona, kosiblik, tikuvchilik sexlari bilan tuzilgan kelishuv asosida o‘quvchilarga hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan.
– Oilaviy korxonada bir necha yildan buyon darsdan keyin kosiblik hunarini o‘rganib kelaman, – deydi mazkur maktabning 11- sinf o‘quvchisi Xayrullo Ismoilov. – Bajarayotgan ishimga yarasha oylik olaman. Maktabni tamomlab o‘z ustaxonamni ochish, bir necha tengdoshlarimni ishga jalb etish niyatida yurar edim.
Maktabimizda o‘tkazilgan forumga viloyat hokimi kelganidan foydalanib, ana shu masalada, ya’ni ustaxona uchun alohida joy olishimga yordam ko‘rsatilishini so‘rab, viloyat hokimiga murojaat qildim.
Viloyat hokimi tashabbusimni qo‘llab-quvvatladi, menga joy ajratib beriladigan bo‘ldi. Nasib etsa, bu yil maktabni tamomlab, o‘z ustaxonamni ochaman, bir necha tengdoshimni ham bandligini ta’minlayman.
[gallery-17400]
Yurtimizda yoshlar doimiy qo‘llab-quvvatlanayotganligidan, biz yoshlarga mana shunday keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligidan behad mamnunman.
Hamkorlik va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilgan forum doirasida namoyish etilgan o‘quvchi- yoshlar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi barchaga manzur bo‘ldi.
Bu kabi forumlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari