Maktab bitiruvchilari uchun vazir soati tashkil etildi
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov poytaxtimizning 262-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov poytaxtimizning 262-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi.
I.Abdurahmonov maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, 5 tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan tanishdi.
Ibrohim Abdurahmonov tashrifi doirasida “vazir soati” o‘tkazib, bitiruvchi sinf o‘quvchilariga o‘z hayot yo‘li haqida so‘zlab berdi. Vazir uzoq-uzoq tog‘li hududidagi G‘ovasoy qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgani, qishloq maktabini tugatgani, lekin maktab davridayoq o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, avval tuman keyin viloyat, so‘ng respublika olimpiadalarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lganini xotirladi.
– Hech qachon “bizning avlodda olim bo‘lmagan”, “o‘qib shahar olib berarmiding” degan gaplarga ishonmang, – dedi vazir. – Har biringizning qoningizda yashirin potensial, buyuk ajdodlarimizdan qolgan imkoniyatlar mavjud. Katta maqsadlarni oldingizga qo‘ying va shu maqsadingiz sari intiling. Kuzatuvchan bo‘ling, bilmaganingizni so‘rashdan iymanmang, tirishing, harakat qiling, kerak joyda qaysarlik ham qiling. Olim bo‘lishning uchta sharti bor: birinchisi o‘qish, bilimga intilish; ikkinchisi, har qanday qiyinchiliklarda ham ortga qaytmaslik va uchinchisi, o‘z ishining ustozi, piri bo‘lgan odamlarga intilish.
Vazir fan doktori, akademik bo‘lguncha qanday qiyinchiliklarni boshidan kechirgani haqida so‘zlarkan, hozirda olimlar uchun yaratilayotgan sharoitlarga to‘xtaldi. Avvallari yurtimizda tadbirkorlar, bank xodimlari, prokuraturada ishlaydiganlarning daromadi yuqori deb hisoblangan bo‘lsa, hozirda ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi odamlarning maoshlari yuqoriligi, ularning xorijda malaka oshirishlari, ilmiy ish bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar borligi haqida gapirdi.
I.Abdurahmonov, shuningdek, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini aytdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi ham aynan o‘sib kelayotgan avlodning ilm-fanga, innovatsion tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqini parvarishlashga qaratilganini qayd etdi. Shu bilan bir qatorda, 262-maktab endilikda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, shu munosabat bilan ushbu maktabda turli o‘quv, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi, bolalarni poytaxtimizning eng ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalariga ekskursiyalarga olib borilishi, vazirlik qaramog‘idagi ikkita ixtisoslashgan maktab-internatlari — Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek maktablari bilan hamkorlik o‘rnatilishi haqida kelishildi.
Tadbir so‘ngida 262-maktab direktori Gulnoza Zoirova maktabga kelgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Kelgusi hamkorlik o‘quvchilar, pedagog-o‘qituvchilarning har tomonlama o‘sishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.