“Paxtakor” futbol maktabida kamolga yetib, Kiyevning “Dinamo”sida ajoyib o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan Shatskix Toshkentda o‘z murabbiylik faoliyatni boshlaydigan bo‘ldi.
Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Futbolchilikni yakunlab, Ukraina va Rossiyaning qator futbol klublarida murabbiylik qilgan Shatskix joriy yil iyun oyida “Paxtakor”da sport direktori sifatida ish boshlagan edi.
Kuni kecha “Paxtakor” futbol klubi va Maksim Shatskix o‘rtasida uch yillik shartnomaga imzo chekildi. Unga poytaxt jamoasini boshqarishda jismoniy tayyorgarlik murabbiyi sifatida ukrainalik Vitaliy Shpanyuk yordam beradi.
51 yoshli Shpanyuk faoliyati davomida Ukrainaning “Kremen”, “Arsenal”, “Slavutich”, “Karpati”, “Lvov”, “Vorskla” va LNZ, Rossiyaning “Anji”, “Rotor”, Gruziyaning “Dinamo” klublarida, uch yarim yil Ukraina milliy terma jamoasida ishlagan.
Bundan tashqari, Ukrainaning “Tavriya”, “Metallist”, Gruziyaning “Dinamo” va Rossiyaning “Rotor” klublarida faoliyat yuritgan Vyacheslav Belyayev Shatskixga yordamchi murabbiy sifatida ko‘maklashadi.
Shuningdek, mahalliy mutaxassislardan Denis Ivankov, Kamoliddin Tojiyev va Yuriy Siyanov Shatskix yetakchiligidagi “Paxtakor” murabbiylari tarkibidan joy olgan.
O‘zA