Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron oldiga jiddiy maqsadlar qo‘yib, sharqqa, Chin diyoriga yo‘l oldi. Aytishlaricha, uni ikki muhim masala qiynayapti: Parij va Pekin munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan savdo kamomadi va Xitoy nima uchun Moskvani qo‘llab-quvvatlayotgani.
Farang yetakchisiga olti vazir va 35 nafar yirik biznes vakili hamrohlik qilyapti. Xullas, Makron uch kun Xitoyda bo‘ladi, payshanba kuni Rais Si Szinpin bilan uchrashdi. Yelisey saroyi mazkur tashrif haqida: “Biz Xitoy Yevropani, jumladan Fransiyani yetakchi hamkor sifatida hurmat qilishini istaymiz” deya xabar berdi.
YeI Xitoyning eng yirik savdo sherigi sanaladi va bu aloqalar 300 milliard yevro miqdorida Xitoy foydasiga ishlaydi. Makron ushbu muvozanatsizlikni tartibga solish uchun yangi shartnomalar tuzishdan umidvor. Shuningdek, u Si Szinpin orqali Rossiyaga ta’sir qilib Ukraina bilan urushni to‘xtatishga hissa qo‘shmoqchi. Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro aytishicha, “Xitoy Vladimir Putinni to‘g‘ri qaror qabul qilishga yo‘naltirishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin”.
Garchi Pekin doim tinchlik muzokarasini yoqlasa-da, Rossiya – Ukraina urushi borasida betarafligini ta’kidlaydi. G‘arb davlatlari esa Xitoyni Rossiya mudofaa sanoati uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishda ayblaydi.
Baribir, Makronning Sharqdan umidi katta...
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/THKlsb3fvUY?si=6z2taAhJ4TQ4U7nF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA