Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron BMT shafeligida G‘azo sektorini barqarorlashtirish bo‘yicha missiya boshlashni taklif qildi, deb yozdi “Franc-Press” agentligi.
— Fransiya Prezidenti ustuvor vazifasi “terrorizmga qarshi kurash, G‘azoda barqarorlikni ta’minlash, sektor aholisini qo‘llab-quvvatlash hamda tinch va barqaror hukumat o‘rnatish”dan iborat bo‘lgan “BMT mandati ostidagi xalqaro koalitsiya” tuzishni taklif qilmoqda, — deyilgan agentlik Yelisey saroyiga tayanib e’lon qilgan xabarda.
Shuningdek, mamlakat rahbari Isroilning anklavdagi amaliyotni kengaytirish qarorini tanqid qilib, bu qadamni “e’lon qilingan falokat” va “doimiy urush sari tez sakrash” deb atadi.
Makron avvalroq sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida Parij Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosga maktub ham yuborilgan.
S.Rahimov, O‘zA