Makron: Fransiya yadroviy doktrinani yangilash ustida ishlamoqda
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat yadroviy doktrinasini yangilash ustida ish boshlaganini ma’lum qildi. Ushbu bayonot Yevropa va Rossiya o‘rtasida keskinlik kuchayib borayotgan bir payt Germaniya ommaviy axborot vositalariga berilgan intervyuda yangradi.
Yetakchining so‘zlariga ko‘ra, fransuz yadro soyaboni faoliyatini davom ettiradi, Parij o‘z strategiyasini yangi tahdid turlari, jumladan kiber hujum, gibrid amaliyot va havo buzg‘unchiligiga moslashtirmoqchi.
Bu jarayonda yadro salohiyatini kengaytirish emas, balki soha rivojini yangi geosiyosiy voqelik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlangan. Shuningdek, Makron 2026 yil boshida mamlakat yadro siyosati kelajagi to‘g‘risida nutq so‘zlashini aytdi.
S.Rahimov, O‘zA