Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat byudjeti yuzasidan belgilangan asosiy vazifalar bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik mas’ullari, jamoatchilik vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat byudjeti siyosati departamenti boshlig‘i Sherzod Muhammedov, Iqtisodiy o‘sishni tahlil qilish va prognozlash hamda monetar, fiskal va tashqi savdo siyosatlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Akmaljon G‘aniyev va boshqalar makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hamda davlat byudjeti masalalariga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Unda mamlakat iqtisodiyotida 2025 yilda erishilgan natijalar va o‘rta muddatli istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil axborot taqdim etildi. Jumladan, 2026 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlari, iqtisodiy o‘sish sur’atlari, fiskal barqarorlikni ta’minlash choralari va davlat moliyasini boshqarish yo‘nalishlari muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, ochiq muloqot doirasida 2025 yil Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari ijrosi hamda ularning tarkibiy dinamikasi, 2026 yil uchun Davlat byudjeti parametrlari, rejalashtirilayotgan tushumlar va asosiy xarajat yo‘nalishlari, byudjet intizomini mustahkamlash, samaradorlikni oshirish va ochiqlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, “Tashabbusli byudjet” jarayonida erishilgan natijalar hamda 2026 yilda mazkur mexanizmni takomillashtirish doirasida joriy etilayotgan yangiliklar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
[gallery-27372]
– 2025 yil boshidagi prognozlarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 6 foiz bo‘lishi kutilgan edi. Yil yakuni bilan esa 7,7 foizga yetdi. Bunday o‘sish asosan xalqaro tashqi sharoitning yaxshilanishi va eksport salohiyatining oshishi bilan bog‘liq. Shuningdek, ichki sharoitlar ham bu jarayonda muhim rol o‘ynadi. 2026 yilda iqtisodiy o‘sish 6,6 foiz prognoz qilinmoqda. Albatta, bu prognozda asosiy makroiqtisodiy risklar ham inobatga olingan, – dedi A. G‘aniyev.
Vazirlikning Davlat byudjeti siyosati departamenti boshlig‘i Sherzod Muhammedov esa o‘z so‘zida xususiy sektorda ishlovchilarning homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash bo‘yicha 2026 yilda kiritiladigan o‘zgarishlar hamda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasidagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
– Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining tashkil etilgani aholini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil hisoblanadi. Joriy yildan boshlab xususiy sektorda ishlovchilarning homiladorlik va tug‘ish nafaqasini bir xil miqdorda to‘lash tartibi joriy etilmoqda. Bu degani shuki, byudjet tashkilotlarida va xususiy sektorda ishlaydigan ayollar uchun nafaqalar bir xil bo‘ladi va oxirgi bir yilga nisbatan ish haqining o‘rtacha miqdori to‘rt barobarga ko‘paytiriladi, – dedi Sh. Muhammedov.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni bilan konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi miqdori qat’iy belgilanib, ushbu ko‘rsatkich doirasida ijro etilib kelinayotgani qayd etildi. Masalan, 2024 yilda taqchillik YAIMga nisbatan 4 foiz etib belgilanganiga qaramasdan, u 3,3 foizga ijro etilgan.
Ochiq muloqot savol-javob shaklida o‘tkazilib, unda byudjet siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash omillari, hududiy rivojlanish masalalari va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish mexanizmlariga doir fikr almashildi.
Mazkur tadbir davlat moliyasi va makroiqtisodiy siyosat sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik bilan muloqotni yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA