Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Makkarti endi Vakillar palatasi spikeri emas
10:36 / 2023-10-04

Respublikachi Kevin Makkarti AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri lavozimidan ketdi. Bu qarorga quyi palatada bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijasiga ko‘ra kelindi. 216 kongressmen ayni tashabbusni qo‘llagan bo‘lsa, 210 kishi qarshi chiqdi.

Ovoz berish va rezolyutsiya qabul qilish g‘oyasi muallifi Makkartining partiyadoshi Mett Gets edi. U dushanba oqshomida hamkasblari e’tiboriga ko‘rib chiqish uchun shu taklifni kiritgan. Makkarti va Gets hamda quyi palataning boshqa a’zolari o‘rtasidagi keskin mafkuraviy kelishmovchilik o‘zgarishning asosiy sababidir. Tasdiqlangan 2024 moliyaviy yil davlat byudjeti sharoitida, federal hukumat faoliyatini moliyalashtirish to‘xtatilishining oldini olishda demokratlar bilan kelishuvga bormagani uchun partiyadoshlar spikerni kechira olmadi.

Makkarti 2023 yil yanvarda saylangan Vakillar palatasi spikerligi AQSH davlat iyerarxiyasida uchinchi martaba hisoblanadi. Respublikachi Patrik Makgenri yangi rahbar saylanguncha ushbu lavozimni vaqtincha egallab turadi. Quyi palata spikeri bo‘shatilishi AQSH tarixida birinchi marta ro‘y bermoqda. So‘nggi bor shu maqsadda ovoz berish jarayoni 113 yil avval bo‘lib o‘tgan, ammo o‘shanda mulozimni lavozimidan ketkazishga erishilmagan. AQSH Prezidenti Jo Bayden qisqa vaqt ichida yangi spiker saylanishiga umid bildirdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per tarqatgan bayonotda aytilgan.

– Bayden Kongressning har ikkala palatasidagi partiyalar bilan chin ko‘ngildan ishlashga doim tayyor ekanini ma’lum qildi, – deyilgan bayonotda. – Mamlakatda kutilmagan voqelik sodir bo‘ldi. Vakillar palatasi tez orada spikerni saylab oladi.

Respublikachi kongressmen Mett Gets AQSH sobiq Prezidenti Donald Trampning Vakillar palatasi spikeri lavozimiga nomzod ko‘rsatishi taklifini kiritdi. Bu haqda u “CBS” telekanaliga intervyusida ma’lum qildi. Gets ishonch bilan aytishicha, Tramp davrida AQSH ichki va tashqi siyosatida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilgan.

Abror Xon, O‘zA