Makkajo‘xori ortilgan Polarnet, Rojen va Navistar yuk kemalari Odessa viloyati portlarini tark etdi va Istanbul tomon suzib bormoqda, deb xabar tarqatdi Turkiya milliy mudofaa vazirligi hamda TRT Haber telekanali.
BMTda ta’kidlanishicha, qo‘shma muvofiqlashtiruvchi markaz juma kuni ushbu kemalarga dengizga chiqish uchun ruxsat bergan.
Polarnet 12 ming tonna makkajo‘xorini Qora dengizdan Turkiyaning Qorasuv portiga yetkazadi, Rojen 13 ming 41 tonna makkajo‘xori bilan ushbu portdan Britaniyaning Teesport portiga qarab ketmoqda, Navistar Odessa yuklangan 33 ming tonna makkajo‘xorini Irlandiyaning Ringaskiddi portiga olib borishi kerak.
Uchta kema ham Istanbulda Muvofiqlashtiruvchi markaz delegatsiyasi tomonidan tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Makkajo‘xori ortgan birinchi kema dushanba kuni ertalab Odessa portidan yo‘lga chiqqan edi.
22 iyul kuni Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT vakillari Rossiyaning oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga qo‘yilgan cheklovni olib tashlashga va Ukraina bug‘doyini jahon bozoriga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Afrika bo‘yicha Iqtisodiy komissiyaning ijrochi kotibi Vera Songvening ta’kidlashicha, “oziq-ovqat kelishuvining bajarilishi” Ukrainaning 23 million tonna bug‘doyini jahon bozoriga chiqarish imkonini beradi.
Zero, BMT anchadan buyon bug‘doy taqchilligi tufayli dunyoda oziq-ovqat inqirozi yuz berishidan ogohlantirib kelayotgan edi.