Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Qonun inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga hamda fuqarolarning sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqlari kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Majlisda “Yuksalish” harakati bilan birgalikda “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi va uni tegishli yillarda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturlarida belgilangan vazifalar yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Xususan, aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va qamrovini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga ajratilayotgan mablag‘lar 6 karra ortib, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yangilanmoqda. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar bugun viloyat va tumanlarda ham o‘tkazilmoqda.
Aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida turli darajadagi tibbiyot muassasalarini 79 tadan 235 tagacha turdagi dori vositalari va 35 tadan 76 tagacha turdagi tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash me’yorlari belgilangan.
Eshituvda vazifalar ijrosida ayrim kamchilik va muammolar borligi ham ta’kidlandi. Jumladan, birlamchi tibbiyot muassasalarining dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanish darajasi past darajada saqlanib qolayotgani, birlamchi tibbiyot muassasalarida mavjud tibbiy jihozlar va tibbiy texnika ma’nan eskirgani, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar paketini amalga oshirishda shaffoflik va samarali nazorat mexanizmi joriy etilmagani kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
N.Abduraimova, O‘zA