English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha jami 4,8 mln.dan ortiq elektron sug‘urta polislari tuzilgan
13:52 / 2024-03-14

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi axborot xizmati rahbari Dilnoza Sobirova Sug‘urta sohasini jadal raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2023-yildan boshlab Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali sug‘urta polislarini sotib olish va sug‘urta hodisalari bo‘yicha da’volarni taqdim etish xizmati to‘liq yo‘lga qo‘yildi.  

Sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilgan bo‘lib, ushbu tizimga respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha sug‘urta kompaniyalari ulangan. Bugungi kunda tizim orqali majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha jami 4,8 mln.dan ortiq elektron sug‘urta polislari tuzilgan.  

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmat orqali YTHda javobgar shaxs sug‘urtalanganligi va transport vositasiga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida sug‘urta tovonini olish uchun qanday harakatlarni amalga oshirish kerakligini bilib olish imkoni yaratilgan.  

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 1-martdagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali sug‘urta xizmatlarining ommabopligini va sifatini oshirish, shuningdek, sohani tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida qator vazifalar belgilangan.  

Sohani tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab, sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi.  

Barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinib, sug‘urta polislarining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas, deb topishga asos bo‘ladi hamda sug‘urtalovchining litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.  

Bundan tashqari, ayrim majburiy sug‘urta turlari qamrovi past bo‘lganligi sababli Coliq qo‘mitasi, Transport vazirligi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining axborot tizimlari hamda Agentlikning Yagona axborot tizimi integratsiyasi yuzasidan ishlar olib borilmoqda.  

Sug‘urta tashkilotlari faoliyatida yengilliklar berish maqsadida Agentlik 2025-yil 1-yanvardan boshlab sug‘urtalovchilarning hisobotlarini soddalashtirish, avtomatlashtirish va Yagona axborot tizimida shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tish choralarini ko‘radi.  

Sug‘urta xizmatlari iste’molchilariga qulaylik yaratish maqsadida yo‘l-transport hodisalari to‘g‘risidagi xabarlarni onlayn yuborish va ko‘rib chiqish uchun “Sugʼurta servis” mobil ilovasi ishga tushirildi.  

Transport vositalari egalari ichki ishlar xodimlari ishtirokisiz voqea joyidan fotosuratlar va zarur hujjatlarning elektron nusxalarini yuborish orqali avtohalokat to‘g‘risidagi xabarnomani onlayn yuborishlari hamda yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya olishlari mumkin. Bu imkoniyat yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilari tomonidan xabarnomalarni va sug‘urta da’volarini rasmiylashtirish hamda ko‘rib chiqish tartibini sezilarli darajada soddalashtiradi. Ilova qulay interfeys va oddiy navigatsiyaga ega. “Sugʼurta servis” mobil ilovasini App Store va Google Play platformasida yuklab olish mumkin.  

Sug‘urta sohasini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sug‘urta xizmatlari sifatini oshirishda, oshkoralikni ta’minlashda, hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.  

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA