Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan davlat boji bekor qilinadi
10:35 / 2024-09-25

Normativ hujjatlaridagi ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlarini bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun bilan kichik, yoshlar va tadbirkorlik sanoat zonalari hududida joylashgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirish O‘zbekiston Respublikasining alohida qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida mazkur qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Yangi me’yorlar eskirgan tartibga solish mexanizmlari bartaraf etilishiga, ulardagi normalarning amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Majlisda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham muhokama qilindi. Qonun bilan ma’muriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgartirilganligi natijasida tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa yuridik shaxslar joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ular qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, sug‘urta qildiruvchilar majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Mazkur qonun tadbirkorlarning xarajatlarini qisqartirishga va erkin faoliyat olib borishlariga, sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA