Vazirlar Mahkamasining “Suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda suv va salqin ichimliklarni ishlab chiqarish, olib kirish va ularning aylanmasini hisobga olish mexanizmi tubdan takomillashtiriladi.
Tizim 2023-2024 yillar davomida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Achitilmagan va tarkibiga spirt qo‘shilmagan, shakar yoki boshqa shirinlik qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan meva sharbatlari (uzum shirasi mustasno) va sabzavot sharbatlari, shuningdek, gazlangan hamda gazlanmagan suvlar va ichimliklar - 2023 yil 1 iyuldan boshlab; metall, shu jumladan, alyumin idishdagi suv va salqin ichimliklar esa - 2024 yil 1 avgustdan boshlab majburiy raqamli markirovkalash tizimiga o‘tkaziladi.
Markirovka kodlari operator tomonidan mazkur mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga tegishli buyurtma asosida taqdim etiladi.
Majburiy raqamli markirovkalash tartibini joriy qilish kuniga qadar ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlar operatorga markirovka kodlarini buyurtma berishga hamda ushbu mahsulotlarni ularning qadoqlariga identifikatsiyalash vositalarini qo‘llagan holda ishlab chiqarishga haqli.
2023 yil 1 iyuldan e’tiboran tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni import qiluvchilar zimmasiga bojxona yuk deklaratsiyasida import qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha agregatsiyalangan import kodini aks ettirish majburiyati yuklanadi.
Tartib joriy qilingan kundan boshlab, tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni majburiy raqamli markirovkasiz mahalliy ishlab chiqarish (eksport uchun ishlab chiqarish bundan mustasno) taqiqlanadi. Mazkur holatlar aniqlanganda, qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilinayotgan suv va salqin ichimliklarning agregatsiyalangan import kodi bo‘yicha ma’lumotlarni bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilmasdan, “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish taqiqlanadi.
Olti oy mobaynida tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan raqamli markirovkalanmagan suv va salqin ichimliklar qoldiqlarini sotishga ruxsat beriladi.
To‘qqiz oy mobaynida tegishli guruhdagi suv va salqin ichimliklarni ulgurji savdo tashkilotlari tomonidan raqamli markirovkalanmagan suv va salqin ichimliklar qoldiqlarini sotishga ruxsat beriladi. To‘qqiz oy o‘tgach faqat elektron hisobvaraq - fakturalarga markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritgan hamda “Asl belgisi” MATga ma’lumot yuborgan holda amalga oshiriladi.
Tegishli guruhlar uchun belgilangan majburiy raqamli markirovkalash sanasiga qadar ishlab chiqarilgan va yuqorida belgilangan muddatlarda erkin muomalaga kiritilgan suv va salqin ichimliklarni chakana savdo tashkilotlari tomonidan o‘n ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda identifikatsiya vositalarisiz sotishga ruxsat beriladi.
O‘zA