Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Majburiy mehnatni taqiqlash yanada mustahkamlanmoqda
16:51 / 2021-10-22

Majburiy mehnatga, bolalar mehnatiga barham berish, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashda sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish alohida o‘rin tutadi.

Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan yaqinda Mehnat kodeksining yangi loyihasi tasdiqlandi. Mazkur loyihada ham majburiy mehnat va bolalar mehnatini taqiqlash bo‘yicha bir qator normalar aks ettirildi.

Xususan, amaldagi Mehnat kodeksida majburiy mehnat bilan bog‘liq qoidalar bitta moddada ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, yangi loyihada oltita moddada mustahkamlanmoqda. Ana shu moddalarga to‘xtalsak, foydadan xoli bo‘lmaydi.  

Eng avvalo, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplaridan biri sifatida mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, alohida moddada alohida prinsip sifatida mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash deb belgilanmoqda. Majburiy mehnatning tushunchasi berilmoqda.  

Unga ko‘ra, majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo‘llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy ta’sir choralarini qo‘llash yoki qo‘llash tahdidi tushuniladi.

Shu bilan birga, qanday hollarda bajariladigan ish majburiy mehnat hisoblanmasligi aniq bayon etilmoqda.

Muhokamada bo‘lib turgan Kodeksda ish beruvchining majburiyatlari birma-bir keltirilayotgan bo‘lib, majburiy mehnat va bolalar mehnatining og‘ir shakllari qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymasligi majburiyatlaridan biri sifatida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qolaversa, jamoa shartnomasi,jamoa kelishuvlari va mehnat shartnomasida majburiy mehnatni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzuvchi shartlar bo‘lsa, bunday shartlar haqiqiy emasligi ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi qoidalarning Mehnat kodeksida aks etishi majburiy mehnatga murosasiz munosabatning mustahkamlanishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.  

 

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi