Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Majburiy mehnatga aslo yo‘l yo‘q
20:48 / 2025-10-18

Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kecha kasaba uyushmalari faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvida “Bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish uzoq yillar biz uchun eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qat’iy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik”, deya ta’kidladi. Shu bois O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilganini ham qayd etdi.

Davlatimiz rahbarining fikrini quvvatlagan holda qo‘shimcha qilish lozimki, ayni paytda mamlakatimizda majburiy mehnat uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 491-moddasiga asosan, voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kodeksning 51-moddasida esa majburiy mehnat uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Ya’ni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno) bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdordagi jarima bilan jazolanadi.

Agar xuddi shunday huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilsa, buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima jazosi tayinlanadi.

Shuni alohida qayd etish joizki, Jinoyat kodeksining 1482-moddasida mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno), xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan.

Xuddi shunday harakat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno), ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, aybdor shaxs bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Xulosa qilib aytganda, majburiy mehnat adolatsizlikning yaqqol namunasidir. Mas’ul xodimlar va ish beruvchilar buni aslo unutmasliklari kerak. Aksincha, bu holat o‘zlariga qimmatga tushadi.

Nodirjon KIMSANOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy  

tuman sudining tergov sudyasi