Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham beriladi
15:23 / 2023-04-11

Qonun loyihasiga sharh

Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 50 million kishi zamonaviy qullik qurboni bo‘ladi. Shundan 28 million kishi majburiy mehnatga jalb etiladi. Ushbu holatlarning 86 foizi xususiy sektor, 14 foizi davlat sektori hissasiga to‘g‘ri keladi. Achinarlisi, majburiy mehnatga jalb etilganlarning har 8 tasidan bittasi bolalardir. Shu bois ham ushbu masala global muammo sifatida dunyo minbarlaridan doimo bong uriladi.  

Bu borada O‘zbekiston ham Xalqaro mehnat tashkilotining ayni yo‘nalishdagi 19 ta konvensiyasi hamda 1 ta bayonnomasini ratifikatsiya qilgan. Unda belgilangan tartib va talablar milliy qonunchiligimizda aks ettirib kelinmoqda.  

Majburiy mehnatga oid norma yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 44-moddasida ham mustahkamlab qo‘yilmoqda:  

“Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.

Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”.

Yaqin yillargacha yurtimizda ham o‘qituvchi-pedagoglar, tibbiyot sohasi vakillari, talabalar va o‘quvchilar jamoaviy ishlarga jalb etilar, ulardan ishchi kuchi sifatida foydalanilar edi. So‘nggi yillarda bu kabi holatlarga chek qo‘yilib, majburiy mehnatning oldi olindi. O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi islohotlari xalqaro darajada e’tirof etilmoqda. Endilikda Bosh qomusimiz bilan majburiy mehnatga taqiq qo‘yilishi yurtimizda inson qadr-qimmati yuksak darajaga ko‘tarilayotganidan darak beradi.  

— Amaldagi Konstitutsiyamizda majburiy mehnatga oid bitta norma bor edi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Tilavoldiyev. — Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 44-moddasida  majburiy mehnat taqiqlanishi, ayniqsa, bolalarni majburiy mehnatga jalb etishga taqiq qo‘yish belgilanmoqda. Ta’kidlash joizki, majburiy mehnat qisqa muddatda iqtisodiy foyda olib kelishi mumkin. Ammo uzoq muddatli rivojlanishga o‘ta salbiy ta’sir qiladi. Shu bilan birga, mamlakatning xalqaro imidjiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu normaning Bosh qomusimizga kiritilishi, avvalo, O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi amalga oshirilayotgan ishlarimizning bardavom bo‘lishini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlaydi. Qolaversa, O‘zbekistonning bu boradagi siyosiy qat’yatidan ortga qaytmasligini anglatadi hamda ushbu sohada erishilgan yutuqlarimizni mustahkamlaydi.  Bolalarni mehnatning og‘ir shakllaridan himoya qilib, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi. 

Darhaqiqat, mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berilishi, bu yo‘nalishda qator komissiyalar faoliyat olib borayotgani, bolalar mehnatining oldi olingani e’tirof loyiq. Endilikda yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda ham majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligining mustahkamlanishi bu boradagi sa’y-harakatlarimiz bardavomligini ta’minlaydi, inson qadrini ulug‘lashning kafolati bo‘ladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA.