Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Majburiy mehnat ham pedagogning ishi ekan, degan fikr ongimizga singib qolgandi (+video)
12:04 / 2023-04-07

Mamlakatimizda inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish, unga to‘liq barham berishga doir tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘rilgan choralar bolalar mehnatiga to‘liq barham berish, shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarli normativ-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi.

Shu bilan birga, jamoatchilik ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini hududlarni obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligidagi turli ishlarga majburiy jalb qilish shaklida mehnat qonunchiligi normalarini buzish bilan bog‘liq holatlarga qarshi kurashda barcha amaliy choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da ba’zi mansabdor shaxslarning xizmat mavqeini suiiste’mol qilish orqali turli ishlarga jalb qilganlik holatlari sodir etilayotgan edi.

Endilikda bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, davlat organlari ishidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga to‘liq barham berish choralari qonun bilan mustahkamlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 27 martda “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.

Mazkur hujjat bilan jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash ta’lim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri berilishiga sabab bo‘ladi:

– BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (45 million so‘mdan 60 million so‘mgacha) miqdorda jarima;

– 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;

– 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Endilikda mazkur Kodeksga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchaga ko‘ra, xuddi shunday huquqbuzarlik ta’lim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan sodir etilganda, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.  

Shuningdek, pedagog xodimning kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish – fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga olib keladi.

Bundan tashqari, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan taqdirda fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga  sabab bo‘ladi.  

Har bir davlatda inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Shundagina davlat rivojlanadi, xalqning turmushi farovon bo‘ladi.

<iframe width="1920" height="912" src="https://www.youtube.com/embed/flfXs9hiWgk" title="Majburiy mehnat ham pedagogning ishi ekan, degan fikr ongimizga singib qolgandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Barno MELIQULOVA,

Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA