Bir murojaat izidan
Majburiy ijro byurosi deganda, yuridik yoki jismoniy shaxslarning qarzdorligi, kredit qarzdorligi, alimenti, jarimasi, nafaqasi va boshqa qarzdorliklarni qonun yo‘li bilan undirib berishda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni tushunaman. Fuqarolar ushbu byuroda xizmat qilayotganlarning vazifasi qarzdorni og‘zaki va yozma ravishda qarzini to‘lab qo‘yishini so‘rab, murojaat qilishi, shunda ham qarzdor qarzlarini to‘lamasa, undagi mavjud mol-mulkni narxlab, o‘sha qarz evaziga olib, uni sotib, pullarini undiruvchiga yetkazib berishidan iborat deb o‘ylaydi.
Xo‘sh, bu byuroning shahar bo‘limiga sud aynan shu shahar hokimligidan qarzdorlikni undirish to‘g‘risida ijro qarorini chiqarib bersa, ushbu byuroda ishlaydigan xodimlar shahar hokimligidagi mutasaddilarni bir necha bor og‘zaki va yozma ravishda ogohlantirganlariga qaramay, qarzdor qarzlarini to‘lamasa, MIB qarzdorga nisbatan qanday chora qo‘llay oladi?
Guliston shahar 1-mavze “G‘alaba ko‘chasi” 23-uyda yashovchi tadbirkor Dilorom Mamatqulova MIB Guliston shahar bo‘limi Guliston shahar hokimligi tadbirkordan mavjud bo‘lgan qarzdorligini Guliston tumanlararo sudining qarori bo‘lishiga qaramay ,ijrosini ta’minlamayotganini va shu xususda amaliy yordam berishimizni so‘rab murojaat qildi.
Arizada keltirilishicha, 2016 yil fevral oyida Guliston shahar hokimining qarori bilan unga tegishli bo‘lgan viloyat musiqali drama teatri binosi orqa tomonidagi 10-12 kishi ishlab turgan “kafe-bar” buzilgan, tadbirkorga “Sizga boshqa joydan yer beramiz, kompensatsiya mablag‘larini to‘laymiz” degan yolg‘on va’da mana 6 yil bo‘layaptiki, amalda hamon ijrosini topmagan. Natijada, tadbirkor Guliston tumanlararo sudiga murojaat qilgan.
Shikoyatda “... fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudi 2019 yil 2 may kuni mening davoim bilan javobgar Guliston shahar hokimligi va Guliston shahar moliya bo‘limi tomonidan menga nisbatan yetkazilgan moddiy zarar, boy berilgan daromadlarni va bank foizini undirib berish haqida sudya U.Abdurahmonov 1-1115/9963-sonli fuqarolik ishini ko‘rib chiqib qaror qilgan, o‘sha vaqtda 36 million so‘m MIB tomonidan haligacha undirib berilmadi” deyilgan.
Fuqaro murojaatining elektron varianti Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi matbuot xizmatiga yo‘llandi. Uzoq kutilmay tagiga “MIB Guliston shahar bo‘limi” degan yozuv bilan (na boshliqning va na ijrochining ismi-sharifi qo‘yilgan) javob xati keldi.
Ushbu javob xati (undiruvchilar ro‘yxati ko‘p bo‘lganligi uchun hammasini aytmay, qisqartirgan holda, lekin aynan keltirdik)da shunday deyiladi: “Byuroning Guliston shahar bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining 02.05.2019 yildagi hamda Iqtisodiy sudning 02.03.2015 yildagi ijro varaqalariga asosan qarzdor Guliston shahar hokimligidan jami 4.703.528.548 (to‘rt milliard yetti yuz uch million besh yuz yigirma sakkiz ming besh yuz qirq sakkiz) so‘m undiruvchilar foydasiga kompensatsiya to‘lovlari undirilishi belgilangan.
Shuningdek, undiruvni qarzdorga tegishli bo‘lgan mol-mulklariga qaratish maqsadida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 87-moddasiga asosan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va olingan javob xatlarida qarzdorga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi borligi hamda aniqlangan mol-mulklar bo‘yicha qarzdor Guliston shahar hokimligining barcha mol-mulklariga nisbatan ta’qiq qo‘yilgan.
Ijro hujjati O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining128-moddasiga asosan talabnoma bilan birga Guliston shahar G‘aznachilik bo‘limiga yuborilgan. bugungi kunda, ushbu ijro hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida Guliston shahar hokimi nomiga 18.02.2021 yilda №12/31-21-125-sonli xat yuborilib, unda qarzdor Guliston shahar hokimligidan jami 4.703.528.548 so‘m undiruvchilar foydasiga kompensatsiya to‘lovlari undirilish bo‘yicha undiruvchilar A.Mo‘minov foydasiga 36.504.422 so‘m, R.Xaliqov foydasiga 26.548.358 so‘m, D.Mamatqulova foydasiga 36.000.000 so‘m (yana 20 kishining familiyasi va ular uchun udirilishi lozim bo‘lgan summalar keltirilgan edi), hamda “Markaziy magistral elektr tarmoqlari” korxonasi foydasiga 271.177.623 so‘m, “Sirdaryo elektr tarmoqlari” korxonasi AJ foydasiga 1.294.224.803 so‘m, “Guliston fayz hamkor” xususiy korxonasi foydasiga 243.627.355 so‘m qarzdorlik undirilishi haqida bir necha bor Guliston shahar -G‘aznachilik bo‘limiga talabnoma xatlari yuborilganligi, shu bois, yuqorida nomlari keltirilgan undiruvchilar foydasiga kompensatsiya pullarini to‘lab berishda amaliy yordam berishini so‘rab xat yuborilgan.
Qarzdor Guliston shahar hokimligining 02.03.2021 yildagi №1/03-277-sonli javob xatida, hozirda tovon pulini to‘lash Vazirlar Mahkamasining 26.12.2018 yildagi 1047-sonli qaroriga asosan Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan viloyat kuzatuv kengashi jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, tovon pullari shahar mahalliy byudjetidan shakllantirilgan mablag‘lar hisobiga jamg‘arma orqali to‘lab berilishi belgilangan. Hozirda shahar mahalliy byudjetida mablag‘ yetarli bo‘lmaganligini inobatga olib, chorak yakuni bilan daromadlar rejasidan orttirib bajarilgan qismi hisobidan to‘lab berishni ma’lum qilgan.
MIB Guliston shahar bo‘limi”.
Bir qaraganda, o‘quvchida: “nima bo‘lganda ham to‘lab berishar ekanku”, degan fikr kelishi tabiiy. Ammo javob xatidagi shahar hokimligi nomidan aytilgan: “Hozirda shahar mahalliy byudjetida mablag‘ yetarli bo‘lmaganligini inobatga olib, chorak yakuni bilan daromadlar rejasidan orttirib bajarilgan qismi hisobidan to‘lab berishni ma’lum qilgan”, degan jumlalar e’tiborni tortadi. Chunki, shahar hokimligi tomonidan aytilgan “chorak yakuni bilan” degan jumlada, aynan qaysi yilning, qaysi chorakligi aytilmagan. Qolaversa, MIB shahar byurosining “...Guliston shahar hokimi nomiga 18.02.2021 yilda №12/31-21-125-sonli xati”yo‘llanganida, joriy yilning fevral oyi o‘tib, mart oyida o‘sha va’da qilingan choraklarning birinchi qismi allaqachon yakuniga yetib, ikkinchisining ham 2 oyi o‘tdi. Ammo qarzdor tomonidan undiruvchilarga hamon va’da qilingan pul berilgani yo‘q.
Bular “tanga”ning birinchi tomoni edi. Endi shu “tanga”ning ikkinchi tomoniga bir qarang-chi.
Bizga murojaat qilgan tadbirkorning mulki buzilganida 2016 yil edi. O‘shandagi 36 million so‘m bilan bugungi 36 million so‘mning orasidagi inflyatsiya nima bo‘ladi? Xo‘sh, o‘shanda 10-12 nafar band bo‘lgan va ishsiz qolgan (va ehtimol hozir ham) fuqarolar va ularning oila a’zolarining taqdiri-chi?
Qolaversa, bizga murojaat qilgan 1 nafar tadbirkor uchun undirilishi lozim bo‘lgan 36 million so‘m bitta katta shahar uchun arzimagan summadir. Ammo bizga murojaat qilmagan 22 kishi va yana 3 ta korxona uchun undirilishi lozim bo‘lgan, oz emas, ko‘p emas – 4 milliard 703 million 528 ming 548 so‘m kichik summa emas. Guliston shahar moliya bo‘limidagi “professional” hisobchilar bu zararni hisoblash-ku qo‘llaridan kelar. Ammo shu kompensatsiya mablag‘lari vaqtida to‘lanmayotgani uchun nechta kishini ishsiz qoldirishayotgani-yu, ularning ahvoli, zararini hisoblay olisharmikan?
Prezidentimiz boshchiligida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rni yaratayotganlarni rag‘batlantirish, kerak bo‘lsa, 2 ta ish o‘rni yaratganni yelkamizga ko‘tarish, kambag‘allikni tugatishni birdan-bir yo‘li bu aholi bandligini ta’minlash ekanligi, tadbirkor boy bo‘lsa, mamlakat boy bo‘lishi aytilayotgan va shu siyosat dadillik bilan ilgari surilayotgan bir paytda tadbirkorning qarzini yillab to‘lamay, ishsizlar soni oshishiga sababchi bo‘lganlarga na sud, na prokuratura va na uning qoshidagi majburiy ijro byurosi hech chora ko‘ra olmay yurishini qanday baholash mumkin?!.
Qonun oldida hamma barobar. Majburiy ijro – hamma uchun majburiy bo‘lsagina, rivojlanish bo‘ladi.
A.Qayumov, O‘zA