Kunlar isigan sari suv ta’minoti, ayniqsa, ichimlik suviga ehtiyoj ko‘payadi. Biroq, uni tejash, to‘g‘ri sarflash va mavjud to‘lovlarni esa o‘z vaqtida to‘lashga odatlanmagan holatlar ham uchrab turadi.
Hozirda yurtimiz bo‘ylab hududiy suv ta’minoti korxonalari tomonidan aholi, yuridik tashkilot va korxonalarda ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. Iste’mol qilinayotgan shaffof suvni to‘lovlari vaqtida amalga oshirilishi tabiiy resurslarni yetkazish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.


Bu borada Majburiy ijro byurosi organlari ham ish yurituvlarida bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha ichimlik suvidan bo‘lgan qarzdorliklarni undirishda suv ta’minoti korxonalariga yaqindan yordam bermoqda. Jumladan, Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi va uning tuman-shahar bo‘limlari tomonidan “Toshkent suv ta’minoti” AJ bilan hamkorlikda ichimlik suvidan debitor qarzdorligi mavjud xonadonlar va yuridik tashkilotlarda undiruv choralarini ko‘rmoqda.


– Joriy yilning 17 mart kunida boshlangan qo‘shma tadbirlar davomida birgina Toshkent viloyatida jami ish yurituvdagi 1 ming 223 ta 7 milliard 463 million so‘mlik ijro hujjatlaridan 268 ta 1 milliard 192 million so‘mligi tamomlangan, – deydi Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi inspektori Behzod To‘lqinov. – Shundan 204 ta hujjat bo‘yicha to‘lovlar amalda undirilgan. Jarayonda fuqarolarga huquqiy majburiyatlari ham tushuntirilib, qonunbuzarlikning oqibatlari aytilmoqda.


Misol uchun, Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining 2024 yildagi qaroriga asosan qarzdor “ALU MIX PLAST” MCHJdan 78 million 583 ming 669 so‘m qarzdorlik to‘liq undirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchiq tuman sudining 2025 yildagi qaroriga asosan qarzdor Fazliddin Tilyapovdan 174 million 790 ming so‘m undirilib, ijro hujjati tamomlangan.

Byuroning Bekobod shahar bo‘limi ish yurituvidagi sudi qaroriga asosan esa, shahar tibbiyot birlashmasining mavjud qarzdorligi jami 214 million 454 ming 287 so‘m bo‘lib to‘liq undirildi.
Viloyat bo‘yicha bu kabi tadbirlar davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA