Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maishiy texnika – ro‘zg‘orga baraka
16:14 / 2015-01-22

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, ular uchun munosib turmush va mehnat shart-sharoitlari yaratish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, ular uchun munosib turmush va mehnat shart-sharoitlari yaratish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. 

Bugun yurtimizda qaysi sohani olib qaramang, jamiyatda o‘z o‘rnini topayotgan ayollar safi kengayib borayotganini ko‘rib quvonamiz. Ayolning jamiyatda o‘z o‘rniga egaligi uning hayotdan mazmun va quvonch topib yashayotganidan dalolatdir. Turli sohada mehnat qilayotgan ayollarning uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirishga qaratilgan alohida e’tibor ham tahsinga loyiq. Eng quvonarlisi, korxonalarimizda xalq iste’moli tovarlari keng miqyosda ishlab chiqarilayotgani ayollarga katta qulaylik bo‘lmoqda. 

Prezidentimiz Islom Karimov 2014-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. 

– Tug‘ilgan kunimda turmush o‘rtog‘im kir yuvish mashinasi sovg‘a qildi, –deydi Sho‘rchi tumani Yoshg‘ayrat qishlog‘ida yashovchi Nozima Boboyeva. – Uch o‘g‘lim bor. Kattasi endi maktabga chiqdi. Bolalarimning kiyimini yuvishga har kuni ancha vaqt sarflardim. Kir yuvish mashinasi yumushlarimni yengillashtirish va farzandlarimga ko‘proq vaqt ajratishimda qo‘l kelayotir. 

Ha, juda qisqa vaqt ichida hayotimizga, deyarli har bir oilaga duxovkali elektr pechlar, muzlatkichli kameralar, suv isitish boylerlari va boshqa mutlaqo yangi, yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan zamonaviy uy-ro‘zg‘or buyumlari kirib keldi. Har yili minglab oila yangi uy-joyga ega bo‘lib, uni zamonaviy maishiy texnika va mebellar bilan jihozlayotir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-apreldagi “Oilalarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘layotir. 

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida jismoniy shaxslarga uy-ro‘zg‘or texnikasi xarid qilish va turli xizmatlardan foydalanish uchun imtiyozli shartlar asosida iste’mol kreditlari ajratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan ma’lum qilishlaricha, xotin-qizlarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash va uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2014-yilda 57,3 milliard so‘m miqdorida iste’mol kreditlari ajratilgan. Misol uchun, “Ipotekabank” tomonidan qariyb yetti ming oilaga iste’mol krediti berildi. 46,1 milliard so‘mlik sarmoya evaziga ko‘plab oilalar turli uy-ro‘zg‘or jihozlariga ega bo‘ldi. Bu 2013-yilga nisbatan qariyb 6 milliard so‘m ko‘p demakdir. Bundan tashqari, mingdan ortiq yosh oilaga imtiyozli shartlar asosida sarmoya ajratildi.

Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi Saida Muxtorova oilasida yaqinda to‘y bo‘ldi. Kelin oilaga fayz olib kirgan bo‘lsa, bankdan berilgan kredit bu barakani yanada oshirdi.

– Yurtboshimiz rahnamoligida yosh oilalar farovonligini oshirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish maqsadida bankdan kredit oldik, – deydi Saida. – Uch yil muddatga olingan kredit evaziga “Algoritm” ochik aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan, yangi dizayndagi sovutgich va gaz plitasi xarid qildik. Ularning sifati yuqori, narxi ham nisbatan arzon, eng muhimi, ishlatishga qulay. 

Aholi daromadlarining o‘sishi, oilalarning moddiy ahvoli o‘zgarishi iste’mol kreditlariga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Bu talabni hisobga olib, mamlakatimizda samarali kreditlash tizimi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, tijorat banklari yosh oilalarga uzoq muddat foydalaniladigan, yurtimizda ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlari xarid qilish uchun eng kam ish haqining ikki yuz barobari miqdorida uch yilgacha bo‘lgan muddatda kredit ajratmoqda. Kreditni qaytarish bo‘yicha imtiyozli davr 6 oydan 1-yilga uzaytirilgan. Bu yosh oilalar turmush farovonligini yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda. 

– Imtiyozli sarmoya evaziga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yutuqlarga erishayotgan, kredit evaziga oilasi sharoitini yaxshilib olgan odamlarga havasim kelardi, – deydi toshkentlik Barno Jo‘rayeva. – Shu bois bankka murojaat qildim. Kreditni rasmiylashtirish uchun ko‘p vaqt ketmadi. Uch yilga 10 foizli sarmoya olib, yurtimizda ishlab chiqarilgan muzlatgich va televizor xarid qildik. Ular uchun oyiga 115 ming so‘m to‘lab borayapman. Mazkur mablag‘ maoshimdan bankka o‘tkazib berilmoqda. Bu oilamizga yengillik tug‘dirmoqda.

Muxtasar aytganda, yurtimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan qulay sharoitlar, ishlab chiqarilayotgan zamonaviy maishiy texnika vositalari ayollarimizning hayotidan mamnun va rozi bo‘lib, farovon va baxtli umrguzaronlik qilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.