Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maishiy texnika mahsulotlari: raqamli markirovkalash amaliyoti
17:49 / 2022-05-01

Mamlakatimizda maishiy texnika mahsulotlarini raqamli markirovkalash tizimi joriy etilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi “Maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida” gi qarori ham qabul qilindi.

Xo‘sh, mazkur tizim qanday amalga oshiriladi? Mahsulotlarni raqamli markirovkalash va uning ahamiyati nimalarda ko‘rinadi? Shu va shu kabi savollarga Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i Nuriddin Rahimov quyidagicha javob berdi.

– Mazkur qarorga muvofiq majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddatlari va mahsulotlar turlari guruhlar bo‘yicha belgilandi, – deydi Nuriddin Rahimov. – Jumladan, birinchi guruh 2022 yil 15 apreldan boshlab – changyutgich, kir yuvish mashinasi, sovitkich va muzlatkich, televizor va monitor, ikkinchi guruh 2022 yil 1 avgustdan boshlab – maishiy gaz plitasi, oshxona dudburoni, duxovka va pechka, mikroto‘lqinli pech, dazmol, suv isitkich, uchinchi guruh 2022 yil 1 noyabrdan boshlab – suv isitish qozonlari, konditsioner, o‘rnatilgan elektr motorli maishiy texnika (sok chiqazgich, blendr, mikser, kofe yanchgich, go‘sht maydalagich), barcha turdagi lampalar.

Maishiy texnika mahsulotlarining tegishli guruhini majburiy raqamli markirovkalash joriy qilingan kundan boshlab O‘zbekiston hududida majburiy raqamli markirovkasiz ishlab chiqarish hamda ular import qilinganda agregasiyalangan import kodi bo‘yicha ma’lumotlar bojxona yuk deklarasiyasida ko‘rsatilmasdan “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirish taqiqlanadi. 6 oy mobaynida markirovkalanmagan maishiy texnika mahsulotlari qoldiqlarini ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan ixtiyoriy ravishda bepul raqamli markirovkalanishga ruxsat beriladi. 

9 oy o‘tgach ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan keyingi aylanma ishtirokchilariga taqsimlash faqat elektron hisobvaraq-fakturalarga markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritgan holda amalga oshiriladi. 12 oydan so‘ng barcha aylanma ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash faqat elektron hisobvaraq-fakturalarga markirovka kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritgan holda amalga oshiriladi. 1 yildan so‘ng O‘zbekiston hududida raqamli markirovkasiz sotish taqiqlanadi.

Majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan choralar qo‘llash normalari O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 11 martdagi O‘RQ-758-son Qonuni bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish orqali belgilandi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 166-moddasi 4-qismi bilan majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan identifikasiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalari buzilishi ushbu korxonalarning mansabdor shaxslariga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Soliq kodeksining 227(1)-moddasi bilan tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikasiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablar yoki tartib buzilishi oxirgi hisobot choragida ushbu mahsulotlar realizasiyasidan olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-NKM va virtual kassaga ulangan, shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qish va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalardan (2D-skanerlar, ma’lumotlarni yig‘uvchi terminallar yoki boshqa turdagi maxsus qurilmalar) majburiy foydalanishi lozim. Bunda tadbirkorlik sub’ektlari 2023 yil 1 yanvargacha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan summani onlayn-NKM va yuqorida nazarda tutilgan maxsus qurilmalarning har birini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kamaytirishi mumkin.

O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev yozib oldi