French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maishiy korrupsiyani yengish uchun aslida oʻzimiz halol yashashga tayyor mizmi?
10:23 / 2020-06-23

Oddiy bir haqiqat bor-da, agar fuqaro mayda bir muammo tufayli korrupsiyaga duch kelsa, hukumatdan norozi boʻladi, oʻzi yashab turgan jamiyatdan ixlosi qaytadi.


Oddiy bir haqiqat bor-da, agar fuqaro mayda bir muammo tufayli korrupsiyaga duch kelsa, hukumatdan norozi boʻladi, oʻzi yashab turgan jamiyatdan ixlosi qaytadi. Ammo, oʻzi kurashmaydi. Nega? Chunki oʻziyam kezi kelganda qaysidir soha vakillarini siylaydi, hali-hanuzgacha... Har kimumri davomida hech boʻlmasa bir marta korrupsiyaga qoʻl uradi. Bogʻcha, maktab, ishxona, tugʻruqxona, bank, tender, bandlik idorasi va hokazo ularning sanogʻi koʻp... Juda xohlaganidan emas, ishi yurishishi uchun oʻz xohishi bilan pora taklif qiladi... Gapning indallosi, kundalik hayotda har qanday soha yoki shaxs bilan ijtimoiy aloqaga kirishganimizda imkon boricha oʻz foydamizni koʻzlab pora tutamiz. Demak, maishiy korrupsiyani yengish uchun oʻzimiz halol yashashga tayyor boʻlishimiz kerak.

Yana bir gap. Korrupsiya bor ekan, boshqa ijtimoiy muammolar yechimini kutish befoyda. Masalan, tadbirkorlar “otkad”ini tashlamasa, kam foizli kreditini olish muammo... Yer olmoqchi boʻlgan fuqaro kadastrga “salom aligini” qilib qoʻymasa, bu ham muammo. Barcha illatlar kabi korrupsiya ham unga qulay boʻlgan makonda tez “urchiydi”. Chunki, korrupsiya juda koʻp odamga qulay. Hatto shifoxonada xonalarni tozalaydigan farroshgacha korrupsiyaga aralashishi mumkin. Qanday qilib deysizmi?.. Tugʻruqdan keyin tanasiga infeksiya tushishidan choʻchigan ayol xona tozaligini istagani uchun ham tozalik bekasining choʻntagiga pul tashlab qoʻyarkan... Nega farrosh “menga pulingizning keragi yoʻq, bu mening vazifam-ku”, deya olmaydi yoki ayol ham barcha kabi oʻsha tozalikka koʻnmaydi. Biz oʻzimiz qonun-qoidalarga boʻysunishni istamas ekanmiz, korrupsiyaga boʻysunishga majbur boʻlib qolamiz.

Ammo tan olish kerak. Kunora pora olgani yoki bergani uchun qoʻlga tushib, jazolanayotganlar kam emas. Jamiyat ham, fuqarolar ham davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlashi zarur. Befarq fuqarolik pozitsiyasi bilan jamoatchilik nazoratining vazifasi qayerda qoladi?. Minglab afishalar chiqaraylik, hatto tongni “pora bermang va pora olmang” degan xitob bilan qarshi olib, yeng uchida ishni bajaraversak... Nufuzli zavodda ishga joylashgan qarindoshimizga, toʻgʻrisi, hozir oddiygina ishga kirish uchun ham pora bergan, soʻragan odamni koʻrganda “uddalabdi, omadini bersin” deb ketaversak, bu illatni qanday yengamiz? Buning uchun avvalo ichimizdagi tamaʼgirlik illatini oʻldirish kerak. Ochkoʻzlik illatini daf qilish kerak.

Tizimda faoliyat yuritayotganim bois Davlat xizmatlari markazlarida bolasini bogʻchaga navbatga qoʻygan tanishlarning bu xizmatga korrupsiyani aralashtira olmayotganini koʻrib ich-ichimdan quvonaman. Qarang-a, emishki, “imkoni yoʻq ishning oʻzi yoʻq, himmatini qilamiz, bolamni falon bogʻchaga joylashtiring, elektron navbatiga ishimiz yoʻq”... Shunchalik puldor ekansiz, toʻrt tilni oʻrgatayotgan xususiy bogʻchalarga qoʻying, bolangizni, deb tushuntirishning ham hojati yoʻq bundaylarga... Aholi orasida hozircha bu tizimning qadrini biladigan qatlam tadbirkorlardir. Ular yillar davomida koʻp eshik sanab, tamaʼgir vallomatlarning imo-ishoralariga tushunib qolishgan. Shu boisdan ular tizimning shaffof va xolis xizmatidan minnatdor. Xulosa shuki, korrupsiyani yoʻq qilishni oʻzingizdan boshlang.

Nodira Samandarova