Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maishiy gaz ballonlari xavfsizligi doimiy nazoratda
15:01 / 2026-01-17

Navoiy viloyatida bugungi kunda 106 mingta suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, ularning 105 ming 926 tasini aholi iste’molchilari tashkil etadi.

Aholiga ijara asosida berilgan maishiy gaz ballon soni esa 98 ming 890 tadan iborat. 

Maishiy gaz ballonlardan foydalanishda ularning yaroqliligi va sinovdan o‘tkazilgani, xavfsizlik talablariga javob berishi muhim ahamiyatga ega.

Maishiy gaz ballondan foydalanishda uning yaroqlilik davri mavjud bo‘lib, maishiy gaz ballonlari har besh yilda sinovdan o‘tkaziladi. “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialiga qarashli Karmanadagi maishiy gaz ballonlarni ta’mirlash va sinash sexida sinov jarayonlari amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur sexga Tomdi, Zarafshon, Konimex, Navbahor, Qiziltepa, Nurota tumanlaridan ta’mirtalab va sinovdan o‘tkazish muddati kelgan maishiy gaz ballonlar olib kelinadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maishiy gaz ballonlari sinovdan o‘tkazilishidan oldin og‘ir qoldiqlardan tozalanib, maxsus uskunaga o‘rnatiladi. Shundan so‘ng ballon suv bilan to‘ldirilib, 25 kilogramm bosim ostida 12-17 daqiqa davomida sinovdan o‘tkaziladi.

Bosim ostida sinash jarayonida ballon holati sinchkovlik bilan ko‘zdan kechiriladi. Agar suv sizib chiqishi yoki boshqa nuqsonlar aniqlansa, bunday ballon yaroqsiz deb topilib, utilizatsiya qilinadi.

Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan ballonlarning tepa qismidagi maxsus yorliqqa sinov muddati muhrlanadi va belgilangan tartibda foydalanish uchun topshiriladi.

– Har bitta gaz ballonni ta’mirlashga 12-17 daqiqagacha vaqt ketadi, – deydi sex ishchilaridan biri Narzulla Nurov. – Bir kunda 8-9 tagacha gaz ballonni ta’mirlaymiz, bir oyda 1000 dan ortiq gaz ballonni ko‘zdan kechiramiz, sinovdan o‘tkazamiz. Ishimiz qiziqarli va mas’uliyatli. Har bir jarayonda xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda ish olib boramiz. Ayniqsa, qish mavsumida ishimiz ko‘lami yana kengayadi. Shu o‘rinda iste’molchilar gaz ballondan to‘g‘ri foydalanishi va o‘rnatishda e’tiborli bo‘lishlarini tavsiya qilardik. Chunki ayrim hollarda iste’molchilar beparvoligi sabab ham gaz ballonlar ta’mirtalab holga kelib qoladi.

“Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi hududida joylashgan mazkur sexda gaz ballonlarni sinashdan tashqari, ta’mirlash ishlari ham bajariladi. O‘tgan 2025 yil davomida sexda jami 41,5 mingta gaz ballon olib kelinib, ularning 25 ming 744 tasi ta’mirlangan, 15 ming 726 tasi esa sinovdan o‘tkazilgan.

Viloyat bo‘yicha esa jami 37 ming 808 ta gaz ballon ta’mirlangan, 18 ming 211 ta gaz ballon esa sinovdan o‘tkazilgan.

A.Bo‘riyev, O‘zA