English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MAHZUN YIL
18:41 / 2020-08-24

Oʻtayotgan har bir yil erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, tarixiy oʻzgarishlar bilan yodda qoladi.


Oʻtayotgan har bir yil erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, tarixiy oʻzgarishlar bilan yodda qoladi. Biroq bu yil nafaqat mamlakatimiz hayotida, balki butun dunyoda nihoyatda sinovli kechmoqda. Yangi Oʻzbekiston uchun bu yil anchayin mahzun…

Negaki, butun dunyoni algʻov-dalgʻov qilgan, insoniyatni gʻam-qaygʻuga solib, tinch-osoyishta hayotini izdan chiqargan pandemiya balosi har jihatdan davlatlarning, bani Odamning irodasini sinovdan oʻtkazmoqda.

Keksalarimiz “Balo-qazodan Oʻzi asrasin…” deb bejiz aytishmas ekan. Koronavirus balosi shu yilning mart oyida yurtimizga kirib kelgan boʻlsa, bahorda ketma-ket ikkita falokat yuz berdi. Biri – Olot va Qorakoʻl tumanlarida kuchli shamol-toʻfon kelib, aholi turmush tarziga katta zarar yetkazgani boʻlsa, ikkinchisi – Sardoba suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishi…

Bu xalqimiz va mamlakatimiz uchun katta yoʻqotish, ofat boʻldi. Shukr-ki, Prezidentimiz tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar, rahbarlar va xalqimizning oʻzaro hamjihatligi, birdamligi, uyushqoqligi sabab bu ofatlar bartaraf etildi. Xalq birlashsa, har qanday muammoni bartaraf etish mumkinligi isbotlandi. Qanchadan-qancha xayr-saxovat ishlari amalga oshirildi. Talofat koʻrgan tub joy aholisi tez orada sinovli kunlardan qutilib, oʻz uylariga qaytdi, shukronasi ort¬di. Ammo pandemiya balosi hadeganda jilovni qoʻldan bermayapti…

Shu oʻrinda moʻmin-musulmonlar xayolida birdaniga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi “Mahzunlik yili” deb nom olgan voqea gavdalanadi. Bir yilda Paygʻambarimiz alayhissalomga nisbatan har taraflama boʻlayotgan zulm, ozor, istibdodlardan u zotni himoya qilayotgan ikki buyuk shaxs (Hadicha roziyallohu anho va Abu Tolib) dunyodan oʻtadi. Ulardan biri amakilari Abu Tolib Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamni asosan jismoniy va siyosiy zoʻravonlik, tajovuzkorlik hamda zulmu sitamlardan himoya qilsa, Hadicha onamiz roziyallohu anho esa u zotni maʼnaviy, ruhiy va iqtisodiy tarafdan toʻliq qoʻllab-quvvatlab, dalda boʻlib turar edilar. Goʻyoki bu ikkovlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ikki qanotlari edi. Bir yilning ichida u zot alay¬hissalom har ikkala suyanchiqlaridan ayrilib qolganlari tufayli shu yilni “Mahzunlik yili” deb atadilar…

Mulohaza qilinsa, qaysidir maʼnoda oʻtayotgan 2020-yilni ham mahzun yil de¬yish mumkin. Ikkita ofat va pandemiya balosi mamlakat va aholi iqtisodiyotiga, hayot tarziga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Yoʻqotishlar boʻldi…

Aholining turmush tarzi, salomatligi, yoshlarning taʼlim olishi murakkablashdi, ish sharoitlari oʻzgardi, faoliyat turlari va shakllari almashdi. Pandemiya sharoiti davlatlar oldiga kutilmaganda ulkan toʻsiqlar qoʻydi. Ammo inson – oliy mavjudot! U har qanday sharoitda ham oʻz yoʻlini topa oladi. Jumladan, mamlakatimiz ham sekin-asta bu mashaqqatlarni yengib oʻtmoqda. Davr taqozo qilgan talablarga moslashib, xalqqa yengillik yaratishning yangi-yangi choralarini ishlab chiqmoqda, hayotni oʻzgartirmoqda. Zarurat boʻlmasa uydan chiqmaslik, niqob taqish, koʻcha-koʻyda, umuman hayot tarzimizda ijtimoiy masofa saqlash, oʻzini ihotalash, masofadan turib ishlash, xat-hujjat ishlarini onlayn yuritish va shu kabi boshqa tartiblar odamlarning kundalik odatlariga aylandi.

Oʻtayotgan sinovli kunlar, oylar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, ushbu virus bilan birga yashashga, unga moslashishga majbur boʻlyapmiz va hozircha bundan oʻzga yoʻl topilgani yoʻq. Pandemiya jamiyat rivojining yangi yoʻnalishlarini kashf etishga, “tortib olgan”lari oʻrnini muqobillari bilan toʻldirishga majbur qilmoqda va bu bilan insoniyatga yaxshigina “dars” bermoqda.

Pandemiya bizga vaqtni tejashni oʻrgatdi. COVID-19 korxona va muassasa xodimlarini uyidan turib, masofadan ishlashga ham odatlantirdi.

Ish vaqti emas, ish hajmi muhimligini koʻrsatdi. Bugun Oʻzbekiston sharoitida ham xodimlarning masofadan ishlash tizimini takomillashtirish talab etilmoqda. Ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan davlat va xususiy sektorda ishni masofadan tashkil qilish mumkin ekanini vaziyatning oʻzi isbotladi.

Masofaviy taʼlim. Pandemiya oʻzgarishga majbur qilgan va eng katta sinov boʻlgan muhim sohalardan biri, shubhasiz, taʼlim tizimidir. Bogʻcha, maktab, kolleju litsey, universitet - barchasida masofaviy taʼlimga oʻtilmoqda. Bu faqatgina chora emas, davr talabi hamdir. Negaki, karantin sharoitidan oldin ham aksar rivojlangan davlatlarda masofaviy taʼlim ularning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurgan edi. Ammo bu jarayon har bir davlatning taʼlimni bu shakl¬da olib borishda tayyorgarlik darajasi bilan bogʻliq. Ayrim davlatlarda bunga resurs ham, imkoniyat ham yetarli. Biroq sira kutilmaganda pandemiya sharoiti koʻp davlatlarning taʼlimni masofadan turib olib borishga toʻliq tayyor emasligini ayon qilib qoʻydi. Bizda ham shu muammo bor...

Yana bir muhim gap: pandemiya siz-u bizga ayrim umumbashariy haqiqatlarni eslatdi:

- Oʻlim haq!

- Ojizmiz…

- Mol-dunyoga ancha mehr qoʻyganmiz…

- Zaif va ojizmiz…

- Dabdabaga oʻch ekanmiz, aslida toʻy va boshqa marosimlardagi soxta obroʻ-eʼtibor sogʻligimiz oldida bir pulga qimmat ekan…

- Ijtimoiy hayot - emin-erkinlik buyuk neʼmat ekan. - Qoʻl yuvishda va poklanishda koʻp sunnat amallarni unutibmiz…

- Inson koʻnikuvchan va shu bilan birga irodali ekan…

- Hayot mazmuni boylikda emas, xotirjamlikda ekan…

- Tani sogʻlik - tuman boylik ekan…


Bir qarashda qalb koʻzimiz ochilgandek… Tilagimiz tez orada balo toʻliq daf boʻlib, oliy maqsadga olib boruvchi barcha yoʻllarimiz ochilsin. Qalbimizdagi huzun – mahzunlik oʻrnini xurramlik egallasin. Begim kunlar qaytib, xalqimiz tinch-omon, sogʻ-salomat va xotirjam hayot kechirsin. Bu kunlar xuddi Paygʻambarimiz alayhissalom hayotlaridagi “Mahzunlik yili” kabi bir xotira boʻlib qolsin…

Xoliyer Safarov, yezuvchi