Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahsulotning eksport geografiyasi yanada kengayadi
18:34 / 2025-07-28

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ullari Nukus tumanida joylashgan quritilgan pomidor ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Ta’kidlash joizki, zaminimizda yetishtirilgan pomidor mahsulotlarini tabiiy sharoitda quritib, eksport qilayotgan mazkur fermer xo‘jaligi mamlakatimiz eksport salohiyatida kamxarjli yangi yo‘nalishni ochib berdi.

– Fransiya davlatidan keltirilgan maxsus urug‘dan alohida parvarishlash yo‘li bilan o‘stiriladigan pomidorni tuzlab, tabiiy sharoitda quyosh nuri ostida quritish ko‘p xarajat talab qilmaydi. Tabiiy sharoitda quritilgan organik pomidor mahsulotiga Fransiya, Italiya bozorlarida talab ortib bormoqda. O‘tgan yili 100 ming AQSH dollari qiymatidagi 18 tonna quritilgan pomidor mahsulotini eksport qilgan bo‘lsak, bu yilgi hosil ham pishib, quritish ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi xo‘jalik rahbari Sherzod Niyazimbetov.

Bugungi kunda yarim tayyor mahsulot eksportini amalga oshirayotgan fermer xo‘jaligi qo‘shimcha qiymat yaratish maqsadida mahsulotni konserva holatiga keltirib, eksport qilishni ham rejalashtirmoqda. 

Uchrashuv davomida bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari M.O‘razaliyev xo‘jalikning quritilgan ekologik toza pomidor ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlashni tashkil etish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishar ekan, 100 gektar yerda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish va qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishda mavjud muammo va masalalarni o‘rgandi.

Quritilgan pomidor mahsulotlarining eksport geografiyasini oshirish yuzasidan tavsiyalar berilib, qayta ishlashni tashkil etishda xorijdan keltirilgan asbob-uskunalarga bojxona to‘lovlaridan taqdim yetiladigan imtiyozlar, “Eksport uch qadamda” tizimi afzalliklari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim qilindi.

Navbatdagi manzilda bojxona mas’ullari Xo‘jayli tumanining “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazini tashkil etish bo‘yicha tayyorlangan investitsiya loyihasi bilan tanishishdi. 

Qiymati to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘i hisobidan 100 million AQSH dollariga baholangan mazkur loyiha uchun 152 gektar yer maydoni ajratilgan. 2028 yil dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan mazkur ob’ektda xorijiy investitsiyani o‘z vaqtida o‘zlashtirish, qurilish ishlarini sifatli olib borib, loyihaning kechikmay ishga tushirilishini ta’minlash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri