Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda texnologik jarayonlar uchun “Yashil sertifikat” tizimi joriy etiladi
10:53 / 2025-04-17

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasida mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda texnologik jarayonlarni ekologik sertifikatlash tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda texnologik jarayonlar uchun “Yashil sertifikat” ekologik sertifikatlashtirish tizimi joriy etiladi. 

“Yashil sertifikat” ekologik sertifikatlashtirish tizimi asosida korxonalarning “Top Green Uzbekistan” reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 

Qaror bilan Mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda texnologik jarayonlarni “Yashil sertifikat” ekologik sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Mazkur qarorga muvofiq: 

a) Ekologiya vazirligi mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda texnologik jarayonlarni ekologik sertifikatlashtirish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi; 

b) “Yashil sertifikat” yagona reyestri Ekologiya vazirligi tomonidan yuritiladi; 

v) “Yashil sertifikat” yagona reyestriga kiritilmagan sertifikat haqiqiy emas deb hisoblanadi; 

g) ekologik sertifikatlashtirish quyidagi talablarga javob bergan va belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi: 

ushbu yuridik shaxsda mehnat shartnomasi asosida faoliyat yurituvchi, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan kamida besh nafar mutaxassisning mavjudligi; 

baholanayotgan ob’ektning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatida belgilangan majburiy ko‘rsatkichlarni aniqlashni ta’minlaydigan, belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan o‘z sinov laboratoriyasi mavjudligi; 

d) O‘zbekiston Respublikasi hududida mahsulotlarni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishda texnologik jarayonlar ekologik sertifikatlashtirish ob’ekti hisoblanadi. 

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotga muvofiqlik sertifikati berilishi uchun ushbu mahsulotni ishlab chiqarish texnologik jarayonining amaldagi “Yashil sertifikati” mavjud bo‘lishi majburiy hisoblanadi.

Mazkur qaror kuchga kirgan kundan boshlab o‘n ikki oy mobaynida texnologik jarayonlarni ekologik sertifikatlashtirish maqsadida shartnoma tuzgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun sertifikatlashtirish ishlari bepul (100 foiz chegirma qo‘llagan holda) amalga oshiriladi. 

O‘zA