Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahsulotlar jahon bozorida
08:41 / 2025-10-10

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tadbirkorlik va hunarmandchilik sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, oilaviy an’analar asosida hunar sirlarini asrab, uni zamon talablariga mos ravishda rivojlantirayotgan ustalar bunga yorqin misol. Shunday fidokor oilalardan biri qorako‘l terichiligi sohasining mohir ustalari sifatida tanilgan Sharipovlar sulolasidir.

Oila azaldan terichilik va milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanib keladi. Oilaning asoschisi Qodir bobo Sharipov yoshligidan terini oshlash, uni sifatli tayyorlash sirlarini o‘rganib, o‘z mehnatkashligi va sabr-toqati bilan bu sohada o‘z maktabini yaratgan. Bugungi kunda esa uning avlodlari — Toyir bobo Sharipov, Nazir Toyirov va Nodir Sharipov bu qadimiy hunarni zamonaviy uslubda davom ettirmoqda.

Hozirda oilaviy ustaxonada 30 dan ortiq turdagi mahsulotlar tayyorlanadi. Ular orasida bosh kiyimlar, joynamoz, so‘zana, palto, kamzul, oyoq kiyimlar va boshqa qo‘y terisidan tayyorlanadigan milliy mahsulotlar bor. Ish jarayoni to‘liq tabiiy mehnat asosida amalga oshiriladi. Teri mahalliy cho‘ponlardan olinadi, oila a’zolari tomonidan oshlanadi va tayyor mahsulot holiga keltiriladi.

Mazkur faoliyat nafaqat hunarmandchilik, balki ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirkorlik yo‘nalishi hamdir. Ayniqsa, kuz oylarida asosiy ishlab chiqarish mavsumida ustaxonada 10 ga yaqin mahalliy fuqarolar ish bilan ta’minlanadi. Har bir ishchi mavsum davomida o‘rtacha 6-7 million so‘m daromad topadi. Bu esa nafaqat oilaning, balki mahallaning iqtisodiy barqarorligiga ham katta hissa qo‘shmoqda.

Tayyorlanayotgan mahsulotlar bugun nafaqat O‘zbekiston bozorida, balki xorijda ham o‘z xaridorlarini topgan. Ularning mahsulotlari Turkiya va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda, bu esa milliy hunarmandchiligimizning xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Shofirkon tumanidagi ana shunday namunali oilalar o‘zining mehnati, sabr-toqati va san’atga bo‘lgan e’tiqodi bilan qadimiy hunarni avloddan-avlodga o‘tkazmoqda, milliy merosni asrab, uni yanada yuksak bosqichga olib chiqmoqda.

Bugun Xalq banki viloyat filiali rahbarining ayollar va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Latipova boshchiligidagi ishchi guruh mazkur oilaning faoliyatini joyida o‘rgandi. Ustaxonadagi jarayonlar, ishlab chiqarish hajmi, mavjud muammolar hamda rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar tomonidan faoliyatni kengaytirish, marketing va eksport salohiyatini oshirish borasida amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalalari ham muhokama qilindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.