Mahsulotlar importi yana-da kamayadi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha hududlarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha hududlarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani bir paytlar asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan cheklangan boʻlsa, bugun hududda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari soni ham koʻpaymoqda. Tumanda yangi-yangi istiqbolli loyihalar amaliyotga tadbiq etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-iyuldagi “2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tumanda ikki yil ichida birgina sanoat yoʻnalishida 20 ta loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan edi.
Bugunga kelib ushbu quvvatlarning aksariyati ishga tushirildi. Ulardan biri “Qamashi muqaddas zamin servis” masʼuliyati cheklangan jamiyatining gips va gips mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi.
Ayni paytda jamiyat taʼsischilari 300 ming AQSH dollari miqdoridagi bank krediti hamda qariyb 500 ming AQSH dollariga teng oʻz mablagʻi hisobidan ohaktoshni maydalashga va gips xomashyosi olish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyani xarid qilib, loyihaning dastlabki bosqichini ishga tushirgan va buning natijasida hududdagi 30 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan.
Korxona jamoasi xom ashyoni tumanning Langar qishlogʻi yaqinidagi togʻ konidan olib kelishadi. Keltirilgan toshlar zamonaviy texnologiyalar yordamida maydalanadi va elakdan oʻtkaziladi. Tayyor xom ashyo maxsus pechda qizdirilib, undan toza gips olinadi. Korxona aʼzolari hozircha mana shu yarim tayyor mahsulotni ishlab chiqarish korxonalariga yetkazib bermoqda. Kelajakda ushbu mahsulotlarni korxonaning oʻzida chuqur qayta ishlab, bir necha turdagi qurilish mahsulotlari koʻrinishida bozorga chiqarish maqsad qilingan.
Jamiyat rahbari Oʻrol Jabborovning aytishicha, ayni vaqtda navbatdagi loyihalarni amalga oshirish uchun harakatlar boshlangan. Xususan, gips xom ashyosidan “shpaklyovka” tayyorlash imkonini beradigan sex asbob-uskunalarini olib kelib oʻrnatish va ishga tushirish ustida ish olib borilayapti. Shuningdek, keyingi bosqichda gipsokarton ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.