Buxoro viloyati Qorako‘l tumani sanoat sohasida yangi yutuqlarga erishmoqda. “Xo‘jalar” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Qorako‘l kumush kalava” MCHJ to‘qimachilik fabrikasi bunga misol bo‘la oladi.
Mazkur korxona ip-kalavani qayta ishlab, undan yarim tayyor va tayyor matolar tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lib, ularning salmoqli qismi Rossiya, Xitoy, Turkiya, Belorus kabi xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. 3,5 gektar maydonda bunyod etilgan fabrika qisqa vaqt ichida yuzlab odamlarni ish bilan ta’minladi.

Korxonada bugungi kunda 400 nafardan ortiq ishchi-mutaxassis muntazam faoliyat olib bormoqda. Xodimlar uchun yaratilgan qulay mehnat sharoitlari ularning samarali ishlashiga, oilalarining barqaror daromad topishiga zamin yaratmoqda.

– Yaqinda Xitoy davlatidan yangi zamonaviy to‘quv dastgohini olib keldik. Ushbu texnologiya nafaqat mahsulot sifati va ishlab chiqarish hajmini oshirishga, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi. Natijada qo‘shimcha qiymat yaratiladi, korxonamizning eksport salohiyati ham yanada kengayadi. Maqsadimiz Qorako‘lda ishlab chiqarilgan matolarni dunyo bozorida tanitishdir, – deydi korxona rahbari Asror Mansurov.

Darhaqiqat, bugun korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi juda salmoqli. Bu yerda yiliga 10 million pogono metr pishiq, sifatli mato va 3 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarning katta qismi eksport qilinib, umumiy hajmi 7 million dollardan ortmoqda.
Korxona nafaqat iqtisodiy foyda keltirmoqda, balki yoshlarni zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashga o‘rgatish, ularning kasbiy malakasini oshirish uchun ham katta imkoniyat yaratmoqda. Shu sababdan ham “Qorako‘l kumush kalava” fabrikasi iplar birlashib mato bo‘lgani kabi, odamlarning mehnati va orzulari uyg‘unlashib, baraka va yuksalishga eltuvchi maskanga aylanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.