Markirovka — import qilinadigan tovarning iste’mol qadog‘idagi va (yoki) idishdagi matn, rasmlar yoki ma’lumot beruvchi belgi sanaladi. Mahsulotda raqamli markirovkalarning bo‘lmasligi bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi.
Xususan, tovarning kelib chiqish manbasini aniqlab bo‘lmaydi. Bu esa sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kontrafakt va qalbaki mahsulotlarni aholiga sotish xavfini sezilarli darajada oshiradi.
Bundan tashqari, markirovkalanmagan mahsulotlar savdosi natijasida majburiy bo‘lgan soliqlar va yig‘imlarning to‘lanmay qolishi Davlat byudjetiga zarar keltiradi.
Shuningdek, ayrim tadbirkorlar tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarining soliq va yig‘imlar to‘lanmagan holda realizatsiya qilinishi intizomli tadbirkorlar uchun raqobat maydonida tengsizlikni keltirib chiqaradi.
Respublikamizda soliq organlari tomonidan kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, davlat byudjeti tushumlarini o‘z vaqtida to‘liq ta’minlash, iste’molchilar va tadbirkorlar huquqini himoya qilish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, shunday tadbirlar davomida hamda murojaatlar asosida alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi 572 ta sub’ektda tekshiruvlar o‘tkazildi.
Natijada qonun buzilishlarga yo‘l qo‘ygan 491 ta xo‘jalik sub’ektlariga nisbatan Soliq kodeksining 227 prim 1-moddasiga muvofiq 49,9 milliard so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanildi. 4 ta holatda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasida 2021 yil 1 yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash joriy etilgan. 2022 yil 13 iyungacha (1 yilu 6 oy ) alkogol va tamaki mahsulotlari sotuvchilariga markirovkalanmagan mahsulotlarni savdodan olib tashlash imkoniyati berildi. Shunga qaramay, soliq organlari tomonidan fuqarolar murojaatlari asosida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi qoidalarini ko‘p miqdorda buzish holatlari aniqlanmoqda.
Xususan, joriy yilning oktyabr - dekabr oylari davomida raqamli markirovkalanmagan 1,9 mlrd. so‘mlik 168,7 ming dona alkogol va 0,9 mlrd. so‘mlik 81,4 ming dona tamaki mahsuloti olib qo‘yildi.
Olib borilgan chora-tadbirlar alkogolli mahsulotlarni sotishdan undiriladigan soliq tushumlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, noyabr oyida o‘tgan 10 oydagi soliq tushumlariga nisbatan 189 foizga oshgan. Joriy yilda alkogol va tamaki mahsulotlari aksiz solig‘i bo‘yicha Davlat byudjetiga tushumlarning umumiy prognozi 4,4 trln. so‘mni tashkil etgan.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, tadbirkorlar alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilishning qonuniy tartibiga rioya etishlari muhim.
Marhabo MADAMINOVA, O‘zA