Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mahsulot yetkazish tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlari joriy etilmoqda. Ularning turlari kengaymoqda. Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning shartnoma shartlarini qo‘pol ravishda buzishi, soxta tadbirkorlik orqali asossiz ravishda boylik orttirish holatlari ham uchramoqda.
Shuningdek, mahsulot yetkazib berish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan taqdim qilingan da’vo arizalarini ko‘rib chiqishda ma’lum bir qiyinchiliklarni javobgarlar tomonidan o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmasligi ham keltirib chiqaradi.
Mahsulot yetkazib berish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal qilish uchun har bir da’vo arizani ish yuritishga qabul qilish, tayyorlash bosqichida sudya tomonidan puxta o‘rganish va protsessual harakatlarning to‘liq bajarilishi sud hujjatini qabul qilish jarayonidagi xatolarning oldini olib, nizoning uzoq muddat cho‘zilmasligiga sabab bo‘ladi.
Xususan, da’vogar “Buxoro logistik” xususiy firmasi iqtisodiy sudga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi. Natijada javobgar “Akbar meliorativ qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 9 mln 531 ming 215 so‘m asosiy qarz, 4.308.109 so‘m penya, jami 13.839.324 so‘m undirib berishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, da’vogar hamda “Doston meliorativ qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 2019 yil 27 mayda 183-sonli temir-beton mahsulotini yetkazib berish shartnomasi tuzilgan.
Shartnomaning 1.1-bandiga asosan da’vogar javobgarning buyurtmasiga asosan temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish, javobgar esa mazkur mahslotlarni shartnomada belgilangan tartibda qabul qilib olish majburiyatini olgan.
Biroq, javobgar shartnomaviy majburiyatini lozim darajada bajarmasdan yetkazib berilgan mahsulotlar haqini da’vogarga to‘liq to‘lamagan. Ya’ni 49 mln 531 ming 215 so‘mlik tayyorlangan mahsulotlarning haqini 2019 yil 27 maydan 30 oktyabriga qadar 40 mln so‘mlik mahsulot haqini 2019 yil 27 maydagi 102-sonli to‘lov topshiriqnomasi orqali to‘lab, qolgan 9 mln 531 ming 215 so‘mga qarzdor bo‘lib qolgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, majburiyatlar shartnoma shartlariga va qonun hujjatlariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Kodeksning 333-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, qarzdor aybi bo‘lgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, javob beradi.
Tuzilgan shartnomalarga asosan, javobgar da’vogar oldidagi majburiyatlarini lozim darajada bajarmasdan undan qarzdor bo‘lib qolgan. Ushbu holat ish hujjatlariga ilova qilingan 2019 yil 30 maydagi 195-sonli, 2019 yil 2 iyundagi 227-sonli hisob-fakturalari va da’vogar vakilining og‘zaki ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan.
Birinchi instansiya sudining 2021 yil 17 martdagi hal qiluv qarori bilan da’vo ariza qisman qanoatlantirildi. Javobgardan da’vogar foydasiga 9 mln 531 ming 215 so‘m asosiy qarz undirish talabi to‘liq qanoatlantirilgan. Sud, majburiyatni buzilishi bilan jarima (neustoyka) miqdori nomutanosibligi, taraflarning manfaatlari, da’vogar qarzdorlikni o‘z vaqtida undirish choralarini ko‘rmaganligi, kechiktirilganligini inobatga olib, da’vogarning 4 mln 308 ming 109 so‘m penya undirish to‘g‘risidagi talabini 1 mln 861 ming 621 so‘mga qanoatlantirishni lozim topgan.
Xulosa o‘rnida, mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularni moliyalash tizimining barqarorligini oshirish hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bu kabi nizoni hal qilish samaradorligiga erishish nizolashayotgan taraflarda kelajakka yo‘naltirilgan maqsadli harakatlari hisobidan vaqt, pulni tejashga yordam beradi. Shuningdek, taraflarga kelgusida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish, shartnomaviy va boshqa munosabatlarga qayta kirishishi uchun bir-biriga ishonch kabi ishbilarmonlik muhitini saqlashga imkon beradi.
Ta’kidlash joizki, mahsulot yetkazib berish shartnomasi bilan bog‘liq huquqiy munosabatga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, avvalo shartnoma shartlari va yuqoridagi qonun hujjatlari normalariga qat’iy rioya qilishlari zarur. Ushbu tartibga amal qilish taraflar o‘rtasida nizolarning kelib chiqmasligiga yoki kelib chiqqan taqdirda uni sudga qadar hal etish imkonini beradi.
Luqmon Kadirov,
Buxoro viloyat sudining raisi
Muzaffar Boltayev,
Kogon tumanlararo iqtisodiy sudining raisi