Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj: amaliyot va samara
13:04 / 2022-08-01

Prezidentimiz raisligida joriy yil 11 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar asosida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida mahalliylashtirish, importni qisqartirish hamda sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Boshqaruv Raisi Mehriddin Abdullayev tashabbusi bilan ilk marta yetakchi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, jurnalist va blogerlar ishtirokida “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarining 2022-2023 yillarda mahsulotlar, butlovchi buyum va materiallar hamda xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. 

Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida o‘tkazilgan mazkur tadbirga 150 dan ortiq mahalliy ishlab chiqarish korxonalari vakillari, 20 dan ortiq jurnalist va blogerlar taklif etildi. Tadbirda dastlab “O‘zbekneftgaz” AJning 2022 yil uchun tovarlarga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.  Ta’kidlanishicha, joriy yilda tizim korxonalari tomonidan 1,9 trillion so‘mlik mahsulotlar xaridi amalga oshiriladi. Shundan 520 milliard so‘m – joriy ta’mirlash ishlari, 54,2 milliard so‘m – quduqlarni ta’mirlash, 619 milliard so‘m – burg‘ilash ishlari, 742 milliard so‘m izlov qidiruv ishlariga yo‘naltiriladi. 

Tahlillar asosida shuni aytish mumkinki, jamiyatning import mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojining asosiy qismini mustahkamlovchi quvurlar, nasos-kompressor quvurlari va  dolotolari tashkil qiladi. Jamiyat ehtiyoji doirasida asosiy import mahsulotlardan bo‘lgan burg‘ilash dolota mahsulotlarini Germaniyaning “ONS FrankrfurtGmbH” kompaniyasi bilan tegishli “yo‘l xaritasi” asosida mahalliylashtirish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda va joriy yilning iyul oyida dastlabki partiya tajriba-sanoat sinovlari uchun yetkazib berildi. 

[gallery-8093]

2023 yil uchun 2,27 trillion so‘mlik tovar moddiy boyliklari xaridi uchun boshlang‘ich ehtiyoj shakllantirilganligi va yakuniy ehtiyojlar ro‘yxati qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus elektron portallarga joylashtirilishi ma’lum qilindi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda tizim korxonalari xaridlarida mahalliy korxonalar ulushini bosqichma-bosqich kengaytirib borish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Natijada, tarmoqning umumiy xaridlari hajmida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushi 2018 yildagi 17 foizdan 2021 yilda 28 foizgacha ortdi. So‘nggi uch yilda jami 450 ga yaqin turdagi yangi mahsulotlar o‘zlashtirildi. 
Tadbirkorlar bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy korxonalar orasida ilk marta tarmoq Virtual ko‘rgazmasi (ung-cooperation.uz) yangicha dizaynda tashkil etilib, unda mavjud mahsulotlar bo‘yicha barcha zarur ma’lumotlar qayta yangilandi, xususan 4 ming turdan ortiq mahsulotning to‘liq texnik topshiriqnomalari portalga joylashtirildi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ joriy yildan boshlab haftaning dushanba-seshanba kunlari sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish kunlarini o‘tkazmoqda. Unda departamentlar, korxonalar texnik mutaxassislari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokida bevosita muloqot tashkil qilinadi. 

Tizimli ravishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar vakillarini “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalariga tashriflari ham amalga oshirilib, unda “mahsulotbay” rejimida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, 28 fevral kuni “O‘zbekiston JTL” zavodiga, 2 iyun kuni Buxoro NQIZga ana shunday tashriflar uyushtirildi.  

O‘tgan yili ishga tushirilgan “O‘zbekiston JTL” zavodi ehtiyojlari uchun mahsulot va xizmatlarni mahalliylashtirish doirasida birinchi yarim yillikda 21 ta hamkorlik memorandumi imzolangan. Ayni paytga kelib, mazkur memorandumlar ijrosi doirasida qiymati 74,5 milliard so‘mlik 59 ta shartnomalar imzolanib, ijroga qaratildi.  

Sho‘rtan GKMda ilk bor tashkil etilgan bugungi taqdimotda zavodning bevosita mexanika-ta’mirlash sexida alohida “shou-rum” tashkil etildi. Unda tizim korxonalari uchun zarur bo‘ladigan 50 ga yaqin turdagi tovar guruhiga mansub bo‘lgan jami 2500 dan ortiq turdagi moddiy-texnik resurslar namoyish etildi. Xususan, importda sezilarli ulushga ega bo‘lgan keng assortimentdagi quvurlar, kimyoviy reagentlar, nazorat-o‘lchov buyumlari, metrologiya uskunalari bo‘yicha ham alohida muhokamalar tashkil etildi. 

“Tarmoq va mahalliy ishlab chiqaruvchi” formatida o‘tkazilgan uchrashuvda “Buxoro NQIZ” MCHJ, “Sho‘rtan GKM” MCHJ, “O‘zkorgazkemikal” MCHJ QK, “O‘zbekneftgaz burg‘ilash ishlari” MCHJ kabi korxonalarning, shuningdek tizimdagi barcha neft-gaz qazib chiqarish boshqarmalarining ham mahsulot va xizmatlar ehtiyoji bo‘yicha alohida taqdimotlari o‘tkazildi. 

Bevosita Sho‘rtan GKM hududida “O‘zbekneftgaz” MCHJ bilan kooperatsiya hamkorligini o‘rnatish istagida bo‘lgan Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Cold fire” MCHJ tomonidan mahalliylashtirilgan yong‘in o‘chirish asboblari uchun foydalaniladigan kimyoviy reagentlar namoyishi ham o‘tkazildi. 


O‘lmas Barotov,  
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.