Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahsulot hajmi ham, turi ham ko‘paymoqda
15:16 / 2016-03-22

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Nargiza teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, korxonani zamonaviy tarzda jihozlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiyotda xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Ushbu hujjat asosida 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun tadbirkorlik subyektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yanada mustahkamladi. Unga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxl qiladigan 40 dan ortiq qonunchilik hujjatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki noqonuniy aralashish bo‘yicha davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi yanada kuchaytirildi.

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Nargiza teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, korxonani zamonaviy tarzda jihozlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning samarasida 40 yangi ish o‘rni yaratilib, mahsulot turini 5 taga ko‘paytirishga erishildi.

Ayni paytda bu yerda kuniga 30 turdagi 3 ming tayyor kiyim ishlab chiqarilayotir. O‘tgan yili ichki bozorda 730 ming tayyor kiyim-kechak sotilgan bo‘lsa, 131 ming dollarlik mahsulot xorijga eksport qilindi.

– Joriy yil boshida xorijdan 35 tikuv mashinasi, 5 dazmollash uskunasi va bitta yorliq tikib qadoqlaydigan dastgoh keltirib o‘rnatilgani eksport imkoniyatimizni yanada kengaytirdi, – deydi “Nargiza teks” korxonacining rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i Sardor Egamqulov. – Ayni paytda mahsulot eksporti geografiyasini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqdamiz.

Gazlama, ip va boshqa tikuvchilik xomashyolari mamlakatimiz yengil sanoat korxonalaridan olinayotgani mahsulot tannarxini kamaytirish imkonini berayotir. Bugun korxonada mehnat qilayotgan 200 ga yaqin ishchining aksariyati hududdagi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.

Korxonada yangi texnologiyalarni joriy etish hisobiga mahsulot sifatini yaxshilash, tannarxini arzonlashtirish yuzasidan ishlar davom ettirilmoqda. Shu maqsadda korxonada ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilayotir. Ushbu loyiha amalga oshirilgach, yana 150 yangi ish o‘rni yaratiladi.